Andijon viloyatida yakka tartibdagi tadbirkorning uy-mulki kredit qarzi sababli sotuvga qo‘yildi. Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudi 2025-yil 21-yanvardagi ijro hujjatiga asosan, tadbirkorning “O‘zsanoatqurilishbank” oldidagi qarzdorligini undirish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Jami qarzdorlik miqdori 148,4 million so‘mni tashkil etadi. Qarzdor bir necha bor ogohlantirilishiga qaramay, qarzini to‘lamaganligi sababli Baliqchi tumani, Ko‘l mahallasidagi uyi onlayn-auksion orqali sotuvga qo‘yildi. Boshlang‘ich narxi 175 million so‘m etib belgilangan.
Uyning sotilishi orqali qarzdorlik majburiy tartibda yopiladi va bankning qarzi qoplab beriladi.


