AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Gollandiya va boshqa davlatlarning yirik shaharlarida kalamushlar soni keskin ortayotgani kuzatilmoqda.
Buyuk Britaniya zararkunandalarga qarshi kurash assotsiatsiyasi (BPCA) ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida a’zo kompaniyalar kalamushlarni yo‘q qilish bo‘yicha murojaatlarning oshganini qayd etmoqda. Masalan, Angliya janubida faoliyat yurituvchi Cleankill kompaniyasi so‘nggi ikki yil davomida murojaatlar 20 foizga ortganini bildirdi.
Science Advances jurnalida chop etilgan tadqiqotda so‘nggi 20 yil ichida AQShning Vashington (400 foiz), San-Fransisko (300 foiz), Nyu-York (160 foiz) va Kanadaning Toronto (180 foiz) shaharlarida kalamushlar faolligining keskin o‘sishi qayd etilgan.
Mutaxassislar bunday vaziyatni tez ovqatlanishning keng tarqalishi, shahar chiqindilarini yig‘ishdagi muammolar, kanalizatsiya tizimlarining buzilishi, shuningdek, global iqlim o‘zgarishlari va qish faslining yumshoq kelishi bilan izohlamoqda.
Olimlarning ta’kidlashicha, kalamushlar juda serhosil bo‘lib, bitta urg‘ochi yiliga oltita nasl tug‘adi, har birida 12 tagacha kuchukcha bo‘ladi. Bu esa nazorat qilinmagan holda ikki kalamush yiliga mingdan ortiq nasl qoldirishi mumkinligini anglatadi.
Bundan tashqari, kalamushlarning yangi narsalardan qo‘rqishi (“neofobiya”) va zaharni sinab ko‘rib, undan keyin ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilishi ularni yo‘q qilishni qiyinlashtiradi. Zararkunandalarga qarshi kurash agentliklari uzoq muddat ta’sir qiluvchi preparatlardan foydalanmoqda, biroq kalamushlarda ayrim zaharlarga nisbatan immunitetni shakllantiruvchi genetik mutatsiyalar ham kuzatilmoqda.
Mutaxassislar ogohlantirishicha, kalamushlar odamlar uchun xavfli kasalliklar – leptospiroz, xantavirus va boshqa infeksiyalarni tarqatishi mumkin.


