Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Trampning tarixiy uchrashuvi 15-avgust kuni AQShning Alyaska shtatida bo‘lib o‘tadi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilishicha, muzokaralar mahalliy vaqt bilan 11:30 da boshlanadi.
Dastlab ikki davlat rahbarlari tarjimonlar ishtirokida yuzma-yuz suhbatlashadi. Shundan so‘ng uchrashuv delegatsiyalar ishtirokida davom etib, ishchi nonushta bilan yakunlanadi. Muloqotning aniq davomiyligi suhbat mazmuniga qarab belgilanadi. Asosiy muhokama mavzusi Rossiya–Ukraina mojarosini hal etish bo‘ladi.
Rossiya delegatsiyasida moliya vaziri Anton Siluanov, mudofaa vaziri Andrey Belousov, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriev bor.
Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu uchrashuv “sinaluvchi bosqich” bo‘lib, kelgusida Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga zamin yaratishi mumkin.
Muzokaralarda “hududlar almashinuvi” masalasi ham kun tartibida turadi. Tramp bu jarayonda har ikki tomon uchun “yoqimsiz bo‘lishi mumkin bo‘lgan shartlar” mavjudligini, front chiziqlari o‘zgarishi ehtimolini bildirgan. Agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, u jarayondan chiqib ketishini istisno etmagan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mamlakat Konstitutsiyasida hududiy tuzilish qat’iy belgilanganini ta’kidlasa, Zelenskiy ham hududiy o‘zgarishlarsiz yechim tarafdori ekanini ma’lum qilgan.
“The Telegraph” nashri esa o‘z manbalariga tayanib, Tramp uchrashuvda Moskva uchun bir nechta qulay takliflar, jumladan, Rossiyaga Alyaskadagi tabiiy resurslardan foydalanish huquqini berish hamda Rossiya aviatsiya sanoatiga qo‘yilgan AQSh sanksiyalarini bekor qilish masalasini ko‘tarishi mumkinligini xabar qildi.


