Surxondaryo viloyati Boysun tog‘larida joylashgan To‘da g‘orida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida qadimiy mehnat qurollari va yovvoyi donli o‘simliklar qoldiqlari topildi. Bu haqida Madaniy meros agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tadqiqotlar Xitoy Fanlar akademiyasi Qazilmalar va paleoantropologiya instituti olimi Xinying Chjou rahbarligida hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti arxeologlari ishtirokida amalga oshirilgan.
Qazishmalar jarayonida qadimiy tosh o‘roqlar, yovvoyi donlarning urug‘lari hamda ularga ishlov berishda foydalanilgan mehnat qurollari aniqlangan. Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, ushbu topilmalar qariyb 9 ming 200 yil avvalgi davrga oid. Xalqaro tadqiqotchilar guruhi aniqlashicha, mazkur kashfiyot mintaqaning qadimiy aholisi ovchilik va terimchilik bilan bir qatorda ilk dehqonchilik amaliyotlaridan ham foydalanganini ko‘rsatadi.
Germaniyadagi Geoantropologiya instituti ilmiy xodimi Robert Shpenglerning ta’kidlashicha, bu topilmalar dehqonchilikning yagona hududda emas, balki dunyoning turli mintaqalarida, jumladan Yevroosiyoda ham mustaqil ravishda shakllanganini tasdiqlaydi. Arxeologik qazishmalar davomida nafaqat o‘simlik qoldiqlari, balki tosh pichoqlar, o‘roqlar va yovvoyi arpaga ishlov berish uchun mo‘ljallangan boshqa asboblar ham topilgan. Ularning yuzasida g‘alla poyalarini o‘rish va qayta ishlash jarayonlariga oid izlar saqlanib qolgan.
Arxeologlarning ma’lum qilishicha, xuddi shunday qurollar Levant hududi hamda Qirg‘izistondagi Obishir-5 manzilgohida ham uchraydi. Bu esa qadimgi dehqonchilik an’analari bir necha hududlarda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lganini ilmiy asoslaydi. Ushbu kashfiyot nafaqat O‘zbekiston tarixida, balki insoniyatning ilk agrar madaniyatini o‘rganishda muhim ilmiy dalil sifatida katta ahamiyat kasb etadi.


