Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi choralar yuzasidan taqdim etilgan hisobot bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda xalqaro tajriba asosida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatining yangi modeli joriy etilmoqda. Bu doirada ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari va mahalla tibbiyot maskanlari yagona yondashuv asosida rivojlantirilmoqda. Natijada oilaviy shifokorlar ulushi 70 foizga yetkazilishi, raqamlashtirish orqali shifokorlarning yuklamasi kamaytirilishi, aholining tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi esa 85 foizdan oshirilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Prezident barcha respublika klinikalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, boshqaruv jarayonlariga xorijiy tajribaga ega professional menedjerlarni jalb etishni taklif etdi. Shu bilan birga, klinik protokollarni yangilash, xalqaro standartlarni joriy etish, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda sifatli va adolatli tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Alohida e’tibor bolalar salomatligini himoya qilishga qaratildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga muvofiq, 2030-yilgacha olti oygacha bo‘lgan chaqaloqlarning kamida 70 foizini faqat ona suti bilan oziqlantirish maqsadida milliy dastur qabul qilinadi. Ushbu dastur doirasida JSST va YUNISEF tashabbuslari joriy etilib, ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Prezident sog‘liqni aholiga yanada yaqinlashtirish, yuqumsiz kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirish va yosh avlod salomatligini mustahkamlashga qaratilgan vazifalarni belgilab berdi.


