Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish tizimini va futbol infratuzilmasini yana-da rivojlantirish, sohada marketing va zamonaviy boshqaruv mexanizmlaridan samarali foydalanish maqsadida amaldagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddatini uzaytirish zarurati mavjud.
Senatorlarning taʼkidlashicha, ushbu Qonun bilan Soliq kodeksiga 2023-yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublariga barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) to‘lashdan ozod etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, o‘zi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz berilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari hamda sohani qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qator tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod etilmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi va professional futbol klublarining moliyaviy ahvolini yaxshilash, xorijiy yetuk mutaxassislarni jalb qilish orqali sohadagi mutaxassislar malakasini oshirib borish, shuningdek, xususiy professional futbol klublarini ko‘paytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


