Voqea Hindistonning Dakiya qishlog‘ida, Gagra daryosiga tutash kanalda sodir bo‘lgan. Viru ismli bola cho‘milayotgan paytda unga taxminan yetti metr uzunlikdagi timsoh tashlanib, uni drenaj arig'iga sudray boshlagan. Onasi bolaning qichqirig‘ini eshitib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda suvga sakrab tushib, timsohni temir tayoq bilan ura boshlagan. Bu haqda Times of India xabar bermoqda.
Guvohlarning aytishicha, ayol besh daqiqa davomida yirtqich bilan olishgan va nihoyat uni qo‘yib yuborishga majbur qilgan. Bola va onasi jarohat olgan, biroq o‘rmonchilar ma’lumotiga ko‘ra, Viruning hayoti xavf ostida emas.
Mutasaddi idoralar kanal bo‘ylab himoya to‘rlari o‘rnatishni boshladi va aholiga yomg‘irli mavsumda suv havzalarida cho‘milmaslik haqida ogohlantirish berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yildan buyon ushbu hududda timsohlarning odamlarga hujumi bilan bog‘liq 17 ta holat qayd etilgan, shundan 5 tasi halokat bilan tugagan. Ekologlar bu holatni hayvonlarning tabiiy yashash joylari buzilishi va brakonerlik bilan bog‘lashmoqda.


