Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya urushni yakunlashga tayyor emasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva jarayonni ataylab cho‘zmoqda hamda AQShning yangi sanksiyalaridan qochishga urinmoqda.
Bu haqda Zelenskiy 22-avgust kuni Kiyevda NATO bosh kotibi Mark Rutte bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Rossiya ultimatumlar qo‘ymoqchi va ular orqali urushni tugatish imkoniyatini kechiktirmoqda. Ular AQSh sanksiyalaridan qutulish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda”, — dedi Ukraina rahbari.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Moskva yetakchilar darajasida Ukraina bilan sammit o‘tkazishga qiziqmayapti, chunki aslida urushni yakunlash niyatida emas.
Shuningdek, u Rossiya bilan potentsial uchrashuv bo‘yicha kelishuv mavjud emasligini qo‘shimcha qildi. Biroq Zelenskiy fikricha, “Putinni to‘xtata oladigan yagona shaxs” – AQSH prezidenti Donald Trampdir.


