2026-yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi joriy yilning 5-dekabr kuni AQSHning Vashington shahrida joylashgan Kennedi markazida bo‘lib o‘tadi. FIFA rasmiy sayti ushbu xabarni tasdiqladi.
FIFA prezidenti Janni Infantino bu jarayonni turnirning eng muhim bosqichlaridan biri sifatida baholab, AQSH poytaxti futbol ixlosmandlari uchun katta bayramga aylanishini ta’kidladi. “Jahon chempionati tarixidagi eng uzoq kutilgan qur’a marosimini AQSHning madaniy yuragi bo‘lgan Kennedi markazida o‘tkazishdan mamnunmiz”, dedi u.
Hozircha mezbon davlatlardan tashqari yana 10 terma jamoa mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan: O‘zbekiston, Argentina, Avstraliya, Braziliya, Ekvador, Eron, Yaponiya, Iordaniya, Koreya Respublikasi va Yangi Zelandiya.
Jami 48 ta jamoa ishtirok etadigan musobaqada qur’a kuni bo‘lgunga qadar 42 jamoa nomi aniqlanadi. Qolgan 6 yo‘llanma esa 2026-yil mart oyida o‘tkaziladigan play-off bahslari orqali belgilanadi.


