“Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga binoan, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti etib qayta nomlandi.
Universitet endi Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlarning turizm, madaniy merosni boshqarish va muzeyshunoslik sohalarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasiga aylantiriladi. Taʼlim dargohida ushbu sohalarni ilmiy va innovatsion tadqiq etish bo‘yicha malakaviy ishlar olib boriladi.
Toshkent turizm va servis kolleji negizida universitetning Toshkent filiali tashkil etiladi.
Universitet huzurida quyidagi muassasalar o‘z faoliyatini boshlaydi:
🔸 “Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti;
🔸 “Ipak yo‘li” muzeyi;
🔸 “Ipak yo‘li” art-rezidensiyasi;
🔸 “Ipak yo‘li” sanʼat galereyasi;
🔸 Restavratorlarni qayta o‘qitish va malakasini oshirish markazi.
Har yili universitetga Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik Kengashiga aʼzo mamlakatlar fuqarolariga magistraturada davlat granti asosida taʼlim olish uchun 85 ta o‘rin ajratiladi.
Shuningdek, universitetning xorijiy professor-o‘qituvchilari va izlanuvchilari uchun xizmat turar joyi sifatida 20 ta uy-joy ajratiladi.
2022/2023 o‘quv yilidan Shahrisabz, Marg‘ilon va Xiva turizm va servis kollejlari negizida Shahrisabz, Marg‘ilon hamda Xiva turizm va madaniy meros texnikumlari ham tashkil etiladi.
Qarorga binoan, “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2022–2026 yillarda xorijdagi nufuzli taʼlim muassasalarida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik yo‘nalishlarida doktorantura (PhD) va magistraturada o‘qitish dasturi joriy qilinadi.
Unda 50 nafar iqtidorli mutaxassis o‘qitiladi. Nomzodlarning 40 nafari magistratura va 10 nafari doktorantura (PhD) bosqichida bo‘lishi belgilandi.
Bundan avval Estrada sanʼati instituti tashkil etilishi hamda Madaniy meros agentligining vazifalari belgilangani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


