
Prezident devonining taʼkidlashicha, Makron xavfsizlik protokollarini ko‘rib chiqishni ham buyurgan.
Shu hafta boshida OAV Makron va bir qator Fransiya vazirlarining smartfonlari Pegasus dasturi orqali tinglanayotgani mumkinligi haqida xabar tarqatdi. Ushbu dasturdan Marokash maxsus xizmatlari foydalanganligi taxmin qilinmoqda. Marokash rasmiylari bu ayblovlarni rad etishdi va buni "asossiz va noto‘g‘ri" ekanligini taʼkidlashgan.
Isroilning NSO Group kompaniyasining Pegasus dasturi smartfonlar uchun eng yaxshi shpion dasturlaridan biri hisoblanadi. Kuzatuv real vaqt rejimida amalga oshirilishi va messenjerlarning shifrlanishini chetlab o‘tishi mumkin. Dastur telefonga yuborilgan va qabul qilingan xabarlarni ko‘chiradi, fotosuratlarni to‘playdi va qo‘ng‘iroqlarni yozib oladi.
Bundan tashqari, Pegasus mikrofon va videokameradan foydalanish huquqiga ega. Dastur yordamida telefonning joylashishini kuzatish mumkin.
NSO Group dasturiy taʼminotni faqat davlat idoralariga va terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurash uchun sotishini aytmoqda.
Dastur Fransiya rahbarining telefoniga o‘rnatilganmi yoki yo‘qmi nomaʼlum. Ammo uning raqami 2016 yildan beri Pegasus yaratuvchisi NSO Group mijozlari tomonidan nishonga olingan deb hisoblangan 50 000 ta kontaktlar ro‘yxatida edi. Ushbu ro‘yxatga siyosatchilar va davlat rahbarlari, korxona rahbarlari va faollar kiritilgan.
Vengriya, Isroil va Jazoir hukumatlari undan foydalanish bo‘yicha tekshiruv boshladilar.
Avvalroq Germaniya kansleri Angela Merkel va boshqa nemis siyosatchilarining telefonlarini tinglash bilan bog‘liq mojaro yuz bergan edi. OAV Daniya maxsus xizmatlarining aloqasi borligini eʼlon qildi.
Shuningdek, Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich va uning oila aʼzolari tinglangani maʼlum bo‘ldi.
Nasiba To‘xtayeva


