
30-sentabr kuni Afg‘oniston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Mulla Abdulg‘ani Barodar mamlakatdagi xorijiy davlatlar elchilari bilan uchrashgan. Shuningdek, tadbirda tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Mutaqqiy ham ishtirok etgan.
Mulla Barodar yana bir karra Afg‘oniston barcha davlatlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatish niyatida ekanini taʼkidladi. “Agar kimnidir muammosi bo‘lsa, uni hurmat bilan yechish kerak. Bizning yordamimiz va rejalarimiz hech kimga zarar yetkazmagan”, – degan bosh vazir o‘rinbosari. U, shuningdek, Afg‘onistonda elchixonalar ochilishini, rasmiy munosabatlar o‘rnatilishini iltimos qilgan.
Maʼlumot o‘rnida: AQSH Afg‘onistonni tark etgach, mamlakatda ko‘plab elchixonalar faoliyatini to‘xtatdi. Shu bilan birga ayrim mamlakatlar, xususan, Afg‘oniston qo‘shnilari, Turkiya, Pokiston, Rossiya, Xitoy va boshqa davlat diplomatik missiyalar o‘z ishini davom ettirmoqda.
Bundan avval “Tolibon” Qatar tomonidan tanqid qilingani hamda AQSHning Afg‘oniston qo‘shnilari bilan muzokara olib borayotgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev


