Avvalroq, yaʼni 2021-yil 13-noyabr kuni soat taxminan 22:00 larda Konimex tumani "Karakata" OFY hududida joylashgan Lolazor cho‘l hududida bir guruh fuqarolar tuproq tarkibidan tilla qumlarini kavlab olish bilan shug‘ullangan va kutilmaganda qum ostida qolgan. Oqibatda, 4 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgandi.
Mazkur voqeaga Bosh prokuratura axborot xizmati ham eʼtibor qaratib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini aytgan.
Kuni kecha yana xuddi shu hududda mudhish voqea sodir bo‘lgan. Tarkibida oltin zarrachalari bo‘lgan qumni noqonuniy qazib olayotgan 5 nafar odamda tuproq bosib qolgan. Oqibatda ular vafot etgan. Qurbonlar bir necha kun tuproq ostida qolib ketgan. Xabarda ular buxorolik bo‘lgani aytilmoqda. Vafot etganlarning ikki nafari aka-uka bo‘lgan. Marhumlar 4 yanvar kuni qazib olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda 61-avtokorxonaning ikki nafar ishchisi tuproq va qum bosib qolishi oqibatida vafot etgani hamda keyinroq ularning shaxsiga aniqlik kiritilgani haqida xabar berilgandi.


