Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Nоrin daryosida barpo etilgan GES-1 foydalanishga topshirildi. Ushbu obyekt mamlakatimizda to‘liq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida qurilgan ilk gidroelektr stansiya hisoblanadi.
O‘zbekiston iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish strategik yo‘nalish sifatida belgilangan. So‘nggi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 10 dan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalari, qator hududlarda esa 450 megavatt quvvatga ega GESlar ishga tushirilgan edi.
“Uzbekgidroenergo” AJ tomonidan Nоrin daryosida umumiy qiymati 428 million dollardan ortiq, quvvati 228 megavatt bo‘lgan 6 ta GES kaskadining qurilishi boshlangan. Birinchi bosqichda ishga tushirilgan GES-1 yiliga 171 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lib, 130 ta yangi ish o‘rni yaratadi.
GES faoliyati natijasida 430 mingta xonadon barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, yiliga 290 million kub metr gaz iqtisod qilinadi. Bu iqtisodiyot uchun qariyb 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha samara demakdir.
Mazkur loyiha doirasida O‘zbekiston gidroenergetikasi tarixida ilk bor yuqori samaradorlikka ega gorizontal kapsula shaklidagi gidroagregatlar o‘rnatildi. Shuningdek, suv to‘g‘on inshooti, dispetcherlik punkti, xizmat binolari qurilib, hududda 6 ming tup manzarali daraxt ekildi, kelgusi bahorda yana 7 ming tup mevali ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan.
Norin GESlar kaskadi nafaqat energetika, balki ekologiya, iqtisodiyot va ekoturizm rivojiga ham xizmat qiladigan strategik loyiha hisoblanadi. 2026-yilda ikkinchi va uchinchi, 2027-yilda qolgan stansiyalar ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.


