1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekiston Global ekologik markalash tarmog‘i yig‘ilishiga mezbonlik qilmoqda

Bu mamlakatning ekologik siyosati jahon miqyosida e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Global ekologik markalash tarmog‘i yig‘ilishiga mezbonlik qilmoqda

Toshkent shahri bugun ekologiya va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi muhim xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda. Birinchi bor Markaziy Osiyo mintaqasida o‘tkazilayotgan Global ekologik markalash tarmog‘i (Global Ecolabelling Network — GEN) ning yillik yig‘ilishi doirasida turli uchrashuvlar, biznes-seminarlar va strategik muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir GEN kotibiyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan.

 

Yig‘ilishning ochilishida so‘zga chiqqan ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov ekologik markalash tizimining ahamiyatini alohida ta’kidladi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, eko-markalash nafaqat sertifikatlash vositasi, balki ishlab chiqaruvchilar, davlat va iste’molchilar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlovchi muhim mexanizmdir.

 

“Biz ekologik markalashni sifat, xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish belgisi sifatida ko‘ramiz. Bu tizim mamlakatimizda raqobatbardosh, innovatsion va ekologik yo‘naltirilgan iqtisodiyot qurishda muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, milliy “Yashil Belgi” ekologik markalash tizimining yaratilgani va muvaffaqiyatli joriy etilayotgani quvonarli holat”, — dedi vazir.

 

GEN raisi K.S. Venkatagiri ham o‘z chiqishida Markaziy Osiyo mintaqasining ekologik rivojlanishdagi o‘rni ortib borayotganini qayd etdi. Unga ko‘ra, tashkilot kelgusi o‘n yillikda mintaqani ekologik o‘sishning asosiy hududi sifatida ko‘radi va O‘zbekistonni bu boradagi mintaqaviy koordinatsiya markazi sifatida belgilagan.

 

“Biz O‘zbekiston bilan hamkorlikda bu tashabbusni barqaror rivojlanishdagi mintaqaviy integratsiyaning namunasi sifatida ilgari surishni istaymiz”, — dedi u.

 

So‘nggi yillarda O‘zbekiston ekologik markalash yo‘nalishida bir qator yirik natijalarga erishdi.

 

Jumladan, ISO 14024 xalqaro standarti asosida “Yashil Belgi” milliy ekologik markalash tizimi joriy etildi.

 

22 turdagi mahsulotlar (qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektr jihozlari va boshqalar) uchun milliy standartlar tasdiqlandi.

 

Milliy tizim GEN’ning assotsiativ a’zoligiga qabul qilindi. Eko-markaga ega mahsulotlar uchun davlat xaridlarida imtiyozlar joriy qilindi.

 

6 ta davlat bilan o‘zaro sertifikatlarni tan olish bo‘yicha bitimlar imzolandi. “Yashil Belgi” markasiga ega ilk mahsulotlarga sertifikatlar topshirildi.

 

Bu natijalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ekologik siyosatning amaliy ifodasi sifatida qaralmoqda. Xususan, 2023-yildan boshlab qabul qilingan farmonlar bilan O‘zbekistonda ekologik markalash, barqaror ishlab chiqarish va iste’mol tizimini joriy etish, xalqaro tashabbuslarda faol ishtirok etish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar belgilab berilgan.

 

14–17 oktabr kunlari davom etadigan tadbirlar doirasida quyidagi muhim voqealar rejalashtirilgan.

 

Xususan, “O‘zbekistonda ekologik markalash: ekodostona biznes va yangi bozorlar”, BMT va Germaniya ekologiya vazirligi vakillari ishtirokida Biznes-seminar o'tkaziladi.

 

O‘zbekiston Ekologik sertifikatlash markazi va Singapur, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Tailand, Ukraina kabi davlatlar eko-markalash tizimlari o‘rtasida Memorandum imzolash marosimi bo'lib o'tadi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика