Kelgusi oyda Rossiya pochtasi Yandeks robotlari yordamida jo‘natmalarni Moskvaning 27 ta filialidan yetkazib berishni boshlaydi. Bu haqda “RBC” kompaniyasi xabar berdi.
Xizmatdan foydalanmoqchi bo‘lgan rossiyaliklar robotning xaritadagi o‘rnini kuzatishi mumkin bo‘ladi. Smart “pochtachi” jo‘natmani uyning kirish qismiga yetkazganda, foydalanuvchining mobil telefoniga xabar keladi. Shundan so‘ng mazkur shaxsga tasdiqlash kodi ham yuboriladi. Kod ilovaga kiritilishi lozim bo‘ladi. Foydalanuvchi aniq bo‘lgach robotning yuk qopqog‘i ochiladi va shundan keyin jo‘natmani olish mumkin.
Yetkazib berish xizmati ikki kilometr masofagacha amal qiladi. Xizmatdan androiddagi pochta ilovasi orqali foydalanish mumkin. Kompaniyaning taʼkidlashicha, xizmat narxi amaliyot boshlanishida bir rubl bo‘ladi.
Bundan avval Xitoyda uchar avtomobil taqdim etilgani, ko‘chalarni tozalovchi robot sinovdan o‘tkazilgani hamda ZTE “aqlli” futbolka chiqargani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


