
“Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, Karachi shahrida uyushtirilgan ko‘chma saylov punktida saylovchilar O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar, ularning saylovoldi dasturlari, sohaga oid qonunchilik hujjatlari bilan tanishishi uchun barcha sharoitlar taʼminlandi.
Taʼkidlanishicha, tadbir mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilingan holda o‘tkazildi.
Saylovchilar qonuniy huquqlaridan foydalangan holda o‘zlari maʼqul deb topgan nomzodga ovoz berdi.
Aga Xan nomidagi tibbiyot universiteti talabasi Nur-ul-Huda Shahansha ilk bor saylovda ishtirok etgani, o‘z ovozining mamlakatimizning keyingi taraqqiyoti uchun muhimligini anglashdan mamnun ekanini maʼlum qildi:

– Ilk bor saylovda qatnashar ekanman, buning naqadar masʼuliyatli jarayon ekanini, saylovdagi tanlovim davlatimiz kelajagiga taʼsir qilishini chuqur angladim. Yosh avlodning bir vakili sifatida bizga berilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan sharoitlardan minnatdorman. Pokistonda yashayotgan O‘zbekiston yoshlari nomidan Vatanimiz kelajagi, uning keyingi taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyorligimizni maʼlum qilaman. Kelgusida Pokistondagi o‘zbek yoshlarining yurtimizdagi tengdoshlarimiz bilan aloqalari chuqurlashishiga, birgalikda yangi marralarni zabt etishimizga umid qilaman.
Eslatib o‘tamiz, xorijdagi saylovchilar elektron ro‘yxatini tuzish uchun maxsus sayt ishga tushgan. O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatadigan 37 mamlakatda 54 ta statsionar saylov uchastkalari tashkil etish rejalashtirilgan.
Avvalroq Niderlandiyada muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlangani, O‘zbekistondagi eng baland nuqtada joylashgan saylov uchastkasi hamda Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun saylov uchastkasi tashkil etilgani xabar qilingandi.


