Polshaning Belarus bilan chegarasi yaqinida suriyalik erkak jasadi topildi. Bu haqda Polsha politsiyasi Twitter sahifasida maʼlum qilgan.
“Kuni kecha Belarus bilan chegara yaqinidagi o‘rmonlardan suriyalik erkakning jasadi topildi”, – deyiladi xabarda. Shu bilan birga o‘limga nima sabab bo‘lganini aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Maʼlumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi migratsion inqiroz boshlangandan beri chegara yaqinida kamida besh nafar qochqinning jasadi topilgan.
Maʼlumot o‘rnida: So‘nggi bir necha kundan buyon Polsha-Belarus chegarasida qochqinlar bilan vaziyat nihoyatda keskinlashdi. Minglab migrantlar Polsha orqali Yevropa Ittifoqiga kirishga harakat qilmoqda. Polsha chegara yaqiniga 12 ming harbiy joylashtirgan.
Avvalroq chegaradagi holat bo‘yicha Belarus mudofaa vaziri maʼlumot bergandi. Shuningdek, Polsha bosh vaziri Putin va Lukashenkoni "migratsion shantaj"da ayblagani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev


