
Tadbirdan maqsad – immunologiya hamda zamonaviy tibbiy genetika asoslarining dolzarb muammolari va tendensiyalarini aniqlashdan iborat. Shuningdek, yig‘ilish mahalliy va xorijiy olimlarning tadqiqotlari, ilmiy-texnik ishlanmalari bilan tanishish, mutaxassislar o‘rtasida ilmiy va ishchi aloqalarni o‘rnatish, iqtidorli yoshlarni jalb qilish, istiqbolli ilmiy loyihalar ustida ishlashni ham o‘z ichiga oladi.

Anjuman oflayn va onlayn tarzda Toshkent va Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Konferensiya davomida allergologiya bo‘yicha davra suhbatlari va munozaralar tashkil etiladi. Unda dunyoning 10 ga yaqin mamlakatlaridan 250 dan ortiq yetakchi ekspertlar, olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etishadi. Konferensiya 3 kun, 14-16-oktabr kunlari o‘tkaziladi.
Maʼlumot uchun, institut 1985-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Unga asos solganlar — akademiklar Rem Petrov, Rahim Xaitov va O‘ktam Aripovlardir.
Institutning ilmiy salohiyatini 60 ta ilmiy xodim, shu jumladan, 16 ta fan doktori, 10 ta fan nomzodi va 1 ta akademik tashkil etadi. Bugungi kunda u mamlakatning yetakchi ilmiy muassasalaridan biri bo‘lib, immunologiya, allergologiya hamda inson genomikasi sohasida fundamental tadqiqotlar va ishlanmalarni olib boradi.
Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekistondagi yagona xalqaro biobank tashkil etilgan. Unda hujayralar namunalari va Markaziy Osiyoda yashovchi xalqlarning DNK namunalari mavjud. Bu genetik panellarni har tomonlama o‘rganish va ishlab chiqish hamda surunkali kasalliklarning genetik pasportlarini yaratish imkonini berdi.
Avvalroq O‘zbekistonga saraton kasalliklarini davolashda yordam berilishi, ayrim tibbiy buyumlar ishlab chiqarish uchun litsenziya talab qilinmasligi hamda Toshkentning 11 tumanida bemorlarni koronavirusga qarshi davolash poliklinikalari tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


