Qashqadaryo viloyati Koson tumanida somon talashib pochchasini o‘ldirgan shaxsga 18 yil qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yil 17-iyun kuni Koson tumanida ikki nafar shaxs dalada somon talashib janjallashib qolgan. Shundan so‘ng ulardan biri ikkinchisini mashina shinasiga yel beradigan nasos bilan urib o‘ldirgan. Qotil hodisaga guvoh bo‘lgan bolalarga ham tashlangan, ammo ular qochib ketgan.
Dastlabki surishtiruvlarda aniqlanishicha, marhum qotilning pochchasi bo‘lgan va fermerlik bilan shug‘ullangan. U og‘zaki kelishuv bilan qaynisini ishga olgan va unga bug‘doy o‘rilgandan so‘ng 1,5 tonna bug‘doy va 2 gektar yerning somonini berishini aytgan. Bug‘doy o‘rilgandan so‘ng somon masalasida ular o‘rtasida kelishmovchilik chiqqan va o‘zaro janjal paytida qayni o‘z pochchasini mashina shinalariga yel beradigan nasos bilan urib o‘ldirgan.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida mazkur ish ko‘rib chiqilib, sud tergov hujjatlari, jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalarini o‘rganib hukm chiqardi.
Unga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” “r” bandi bilan aybdor deb topilib, 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Maʼlumot uchun: so‘nggi 8 oyda qasddan badanga yengil shikast yetkazgan 47 nafar fuqaro qamaldi. Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida O‘zbekistonda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan qasddan badanga yengil shikast yetkazishda ayblangan 1 686 nafar shaxsga nisbatan 1 508 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Shundan 714 nafariga nisbatan ayblov hukmi, 4 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan. 954 nafar shaxsga taalluqli jinoyat ishlari esa taraflar yarashganligi munosabati to‘xtatilgan. 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 6 nafar shaxsga nisbatan tibbiy majburlov chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda erini unitaz qopqog‘i bilan urib o‘ldirgan 63 yoshli ayol qamalgani, ijarachi ayol sheriklari tomonidan “samosud” qilingani, Sirdaryoda 17 yoshli bola tengdoshini pichoqlab qo‘ygani hamda sud soxta “davlat xizmatchi”si ishiga qonuniy baho bergani haqida xabar berilgandi.


