Qarshi shahrida 23 yoshli sportchining suvdan o‘lik holda topilgani maʼlum qilindi. Marhumning akasi ukasi o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin deya, gumon qilmoqda. Sportchi yilning 14 iyul kuni Qarshi magistral kanalidan akasi tomonidan topilgan.
"Ukamni g‘avvoslar topolmagach, o‘zim va qarindoshlar, oshna-og‘aynilarim birikib yana suvdan izladik va 14 iyul kuni topdik. Suvdan chiqqanda ukamning jasadi shishib ketgan edi. To‘g‘ri, ikki-uch kun suvdan qolgan, shishadi. Ammo ukamda kaltak izlari ham bor edida. Qolaversa, u suvga shunchaki cho‘kib ketmaydi. Holsizlikdan yoki kaltaklanib, sog‘lig‘iga zarar yetganidan so‘ng cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin", — deydi marhumning akasi Dilshod Karimov.


