Xalqaro turnir O‘zbekiston sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi tomonidan tashkillashtirilmoqda.
Bu yilgi musobaqada O‘zbekiston, AQSH, Avstraliya, Ozarbayjon, Bolgariya, Kolumbiya, Buyuk Britaniya, Gruziya, Germaniya, Italiya, Qozog‘iston, Latviya, Yangi Zelandiya, Sloveniya, Armaniston kabi davlat vakillari g‘oliblik uchun kuch sinashadi.
Mamlakatimizda o‘tishi kutilayotgan mazkur Jahon kubogi ishtirok etadigan barcha gimnastikachilar uchun muhim hisoblanadi. Sababi, 2022 yilgi mavsumda gimnastikachilarni qator muhim musobaqalar kutmoqda. Jumladan, Olimpiya o‘yinlarigacha bo‘lgan davr ancha qisqa. Yaʼni shu yilning kuzida litsenzion jahon chempionati boshlanadi va unda “Parij-2024” Olimpiadasi uchun birinchi kvotalar o‘ynaladi.
O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi maʼlumotiga ko‘ra, poytaxtimizdagi Jahon kubogi yakkalik bosqichida mamlakatimiz sharafini Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari va Jahon chempionati bosqichlari g‘olibi Sabina Toshkenboyeva, Osiyo chempioni Taxmina Ikromova himoya qiladi.
Shuningdek, guruh mashqlarida Shahzoda Ibragimova, Nargiza Jumaniyozova, Nilufar Aʼzamova, Mumtoza Isʼhoqzoda, Mariya Pak va Xurshida Abduraufova ishtirok etadi.


