16-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahrini kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha axborot taqdim etildi.
Taqdimotda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. 774 gektar maydonni egallagan hududda hozirga qadar 268 gektarda 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda, ularning umumiy qiymati 800 million dollarni tashkil etadi. Yana 300 gektarda 30 ta loyiha uchun investorlar aniqlandi, investitsiya hajmi 400 million dollarni tashkil etadi.
Sanoat zonasini kengaytirish va yangi quvvatlarni joylashtirish orqali ish o‘rinlari yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli va texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi. Shu jumladan, 288 million dollarlik multimodal logistika terminali loyihasi “DP World” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Terminal ishga tushgach, Toshkent va viloyatning logistika imkoniyatlari kengayadi, eksport va import operatsiyalari tezlashadi.
Shuningdek, shahar transport infratuzilmasini yaxshilash ishlari ham muhokama qilindi. Shu jumladan, Shota Rustaveli ko‘chasidagi tajribadan kelib chiqqan holda, “BRT” tizimi asosida yana 10 ko‘chada transport loyihalari amalga oshiriladi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, transport oqimini tartibga solish va shahar qiyofasini yagona dizayn-kod asosida takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
Kelasi yilda mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik ko‘chalar qurish va sug‘orish tizimlarini yangilash uchun mahalliy byudjetdan 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Prezidentimiz bu yangilanishlar insonlar uchun qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratish, iqtisodiy faollik va tadbirkorlik salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Taqdimot davomida boshqa hududlardagi yirik loyihalar, jumladan, Buxoro shahrida sayyohlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish rejalari ham muhokama qilindi.


