Mutaxassislar fikricha, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar bozorida frilans xizmatlariga talab kun sayin ortishi fonida, o‘zbekistonliklar orasida ham keyingi paytlarda masofadan turib noutbukda ishlash ommalashdi. O‘zbekistonda frilanser sifatida o‘z xizmatlarini taklif qiladigan mutaxassislar qatorida – IT mutaxassislari va dasturchilar.
Maʼlumot uchun: frilans so‘zi inglizcha freelance‘dan olingan bo‘lib, free – erkin, lance – nayzalini anglatadi va bu ibora XIX asrning boshlaridan ishlatilib kelingan.
Aytish mumkinki, frilans faoliyati xususiy amaliyot bo‘lib, tashkilot va kompaniyalardan tashqari, mustaqil ishlashni anglatadi. Ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi aksariyat fuqarolar ishni o‘zi topadi va buning uchun maʼlum mablag‘ orttiradi.
Odatda frilanserlar – bu Internetda ish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar: sayt dizaynerlari, kontent-menejerlar, SEO-optimizatorlar va boshqalar. Biroq shtatga rasmiylashtirilmagan buxgalter, yurist yoki xodimlar bo‘limi mutaxassisi ham xuddi o‘sha frilanserlardir.
2016 yilda O‘zbekistonda masofadan turib o‘zini o‘zi band qilish amaliyoti yo‘q edi. Oxirgi 7 yilda respublikamiz bo‘ylab 197 ta masofadan xizmatlar ko‘rsatuvchi – BPO korxonalar tashkil etildi (biznes jarayonlarida autsorsing – BPO) va 3700 dan ortiq yoshlar ish bilan taʼminlandi.
Maʼlumot uchun: BPO biznes jarayonini boshqarish va optimallashtirish uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga oluvchi xizmat turi hisoblanadi. Misol uchun: AQSH logistika bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi logistika dispetcherlik, sall-markazlari, moliya sohasidagi konsalting xizmatlari va shu kabilar kiradi.
“Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi tahliliga ko‘ra, 2022 yilda AKT sohasida o‘zini o‘zi band qilganlar soni 42 mingdan oshdi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonlik frilanserlarning 9 ta yirik xorijiy frilanserlik platformalaridan, jumladan “Upwork”, “Om.cn” “Fiverr”, “Toptal”, “Envato”, “Freelancer.com”, “3ddd.ru”, “Cgtrader”, “TurboSquid”larda ishlab topgan daromadlari jami 11,8 million dollardan ortdi.
Maʼlumot uchun: Hozirda ushbu platformalarda dasturchi (frontend, backend, mobil va Veb yo‘nalishlarida), dizayner (3D, Veb hamda UX,UI yo‘nalishlarida), tarjimon, video tahrirchi va boshqa shu kabi sohalarga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, O‘zbekistonlik frilanserlar o‘rtacha:
Dasturchilar – soatiga $15-30, oyiga $1500;
Dizaynerlar – soatiga $15-35, oyiga $2000;
Tarjimonlar – soatiga $5-10, oyiga $500;
Video tahrirchilar – soatiga $15-35, oyiga $2000 miqdorida daromad topishmoqda.
Shuningdek, hozirda maʼlumotlar tahlilchisi(dataanalyst) mutaxassislariga bo‘lgan talab kundan kunga ortib bormoqda.
Ushbu raqamlarni hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak:
•Toshkent shahrida – 11,1 million.;
•Andijon viloyatida – 151 ming;
•Toshkent viloyatida – 129 ming;
•Samarqand viloyatida – 25 ming;
•Namangan viloyatida – 104 ming;
•Surxondaryo viloyatida – 56 ming
•Farg‘ona viloyatida – 40 ming;
•Qashqadaryo viloyatida – 25 ming;
•Xorazm viloyatida – 19 ming;
•Buxoro viloyatida – 11 ming;
•Navoiy viloyatida – 21 ming;
•Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 0,765 ming;
•Jizzax viloyatida – 0,319 ming.
Ushbu sohani yana-da rivojlantirish maqsadida, “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi tomonidan 2022 yil iyun oyidan boshlab mamlakatimizda frilans, IT sohasida xizmat eksportini va o‘zini o‘zi band qilgan insonlar sonini oshirish, ishsizlik sonini kamaytirish hamda Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan talabalar, yoshlar hamda mamlakatimiz fuqarolari orasida frilanserlik sohasini keng targ‘ib qilish maqsadida 50 dan ortiq muvaffaqiyatga erishgan frilanserni jalb qilgan holda “Frilanserlikka ilk qadam” va “Frilanserlik bu kelajak kasbi” mavzularida 19 ta OTM va yoshlar markazlari bilan hamkorlikda forumlar o‘tkazilib, unda umumiy 5000 ga yaqin talaba yoshlar ishtirok etdi.
Bundan tashqari, Markaz tomonidan ishga tushirilgan informatsion “myfreelance.uz” Veb-sayti yoshlar o‘rtasida ko‘plab qiziqishga sabab bo‘lib, ushbu saytda o‘zbek hamda rus tillarida Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” (ITSM) bilan hamkorlikda frilanserlik faoliyati qanday qilib boshlash hamda insonlarni IT sohasida ko‘nikmalarni oshirish maqsadida:350 ga yaqin video kurslar; 70 ga yaqin maqolalar; 50 ga yaqin ko‘rsatmalar; 60 ga yaqin layfxaklar joylashtirildi va kundan kunga yuqorida sanab o‘tilgan video kurslar soni ko‘payib bormoqda.