
Qayd etilishicha, joriy yil 11 sentyabr kuni soat 8:45 larda Sariosiyo tumanidan o‘tuvchi mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan 4N1583 Tortuli – Gazarak – Yorman avtomobil yo‘lida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Gazarak – Tortuli yo‘nalishida harakatlanib borayotgan “Matiz” mashinasi yo‘lni kesib o‘tayotgan 12 yoshli qizni urib yuborgan. So‘ng boshqaruvni yo‘qotib yo‘l chetidagi daraxtga urilgan. Oqibatda qiz og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, 1985 yilda tug‘ilgan “Matiz” haydovchisi va uning yonida bo‘lgan yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.

Maʼlum qilinishicha, “Matiz” mashinasi haydovchisi tezlikni belgilangan meʼyordan oshirib tez harakatlangan. Bundan tashqari, ushbu yo‘lda yo‘l belgilari, piyodalar o‘tish joylari va yo‘l chiziqlari bo‘lmagan.
Mazkur joyda so‘nggi bir oy ichida odam o‘limi bilan bog‘liq ikkita yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Avvalroq, Surxondaryoda YTH oqibatida “Matiz” ag‘darilib ketgani, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi A380 G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beynov xalqaro avtomobil yo‘lining 100-kilometrida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani hamda Namanganda yuk avtomobillari ishtirokida YTH oqibatida bir kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi.


