O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qozog‘iston va Jazoirning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchilari bilan uchrashdi.
TIV rahbari dastlab O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Qozog‘iston Favqulodda va Muxtor Elchisi Darxon Satibaldini qabul qildi. Suhbat davomida elchi tomonidan O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi eʼtirof etildi. V.Norov D.Satibaldini Turkiston viloyati Akim lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi. Tomonlar O‘zbekiston-Qozog‘iston davlati bilan hamkorligining dolzarb masalalari, ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi va turli darajadagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvalini ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, mamlakatda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Nosir Busheritni qabul qildi. V.Norov tomonidan elchining O‘zbekiston-Jazoir munosabatlarini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgani alohida qayd etildi. N.Busherit ham o‘z navbatida O‘zbekistondagi diplomatik faoliyati mobaynida respublikada keng ko‘lamli islohotlar va mamlakatning jadal taraqqiyotiga guvoh bo‘lganini taʼkidlab o‘tdi.