
Toliblar vakili Anas Haqqoniy Afg‘oniston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Mulla Barodar va migratsiya masalalari bo‘yicha vazir Halil Rahmon Haqqoniy o‘rtasida nizo chiqqanini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Bu xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va ‘Tolibon‘ dushmanlari tarqatayotgan ig‘vodan boshqa narsa emas”.
Anas Haqqoniy Afg‘oniston ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniyning akasi va toliblar siyosiy ofisi aʼzosi hisoblanadi. U harakatning arab dunyosi va musulmon mamlakatlari bilan aloqasi uchun javobgar. Baʼzi manbalar “Haqqoniy tizimi”ni Pokiston razvedkasi bilan aloqadorlikda ayblab keladi.

Bundan avval Mulla Barodar va “Haqqoniy tizimi” o‘rtasida nizo chiqqani xabar qilingandi. Bunga Abdulg‘ani Barodarning hukumat tuzilmasidan noroziligi sabab bo‘lgan. Uning Kobulni tark etib, Qandahorga ketgani maʼlum qilingan. 16 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Mulla Barodarning Qandahordagi tasvirlari tarqaldi. Barodar u bilan hammasi joyidaligi, harakat rahbarlari o‘rtasida nizo mavjud emasligini aytgan.
Bundan avval Sirojiddin Haqqoniyning BMT vakillari bilan uchrashgani maʼlum qilingan edi.
Maʼlumot o‘rnida: 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Kobulni egallagan. 31 avgustda AQSH Afg‘onistonni to‘liq tark etdi. Harakat tomonidan egallanmagan yagona viloyat Panjsher edi. Ammo 6 sentyabrda ushbu hudud ham “Tolibon” nazoratiga o‘tdi. Shundan keyin toliblar 7 sentyabr kuni mamlakatning yangi hukumati tuzilganini eʼlon qildi.
Jahongir Qo‘ziyev


