
“TOLO News”ning maʼlum qilishicha, OAV yopilishiga asosiy sabab - moliyaviy qiyinchiliklar va toliblar qo‘yayotgan cheklovlar. Afg‘on Milliy jurnalistlari ittifoqi vakili Masrur Lutfiy qayd etganidek, agar xalqaro tashkilotlar buning oldini olmasa, “tez orada matbuot erkinligi va boshqa fuqaroviy erkinliklar butunlay barham topadi”.
Faoliyatini yakunlagan OAVlardan biri “Inakas” telekanali. Bu kanal mamlakatning 3 viloyatiga ko‘rsatuv uzatadi. Ammo ayrim kompaniyalar reklamaga pul to‘lashni to‘xtatishi ortidan kanalda moliyaviy muammolar paydo bo‘ldi. Shundan keyin “Inakas” yopilgan.
Avvalroq “NDTV “ nashri mamlakatning eng yirik OAVlaridan bo‘lgan “TOLO News” taqdiri haqida maqola eʼlon qilgan. Unda telekanal vakillari toliblarga nisbatan ishonch past ekanligini aytgan.
“Tolibon”ga qarshi turli shaharlarda namoyishlar boshlanib ketgach, harakat bu voqealarni jurnalistlarga yoritishni taqiqlagan. Bundan tashqari bir necha OAV xodimlari kaltaklangan. Xususan, o‘tgan oyda aynan “TOLO News” muxbiri toliblar tomonidan jazolangan edi. Shuningdek, “Tolibon” hokimiyatni egallagandan keyin intervyu olgan jurnalist ayol mamlakatdan chiqib ketgan.
Jahongir Qo‘ziyev


