1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat

“Toshkent” bog‘i xalqlarimiz do‘stligining navbatdagi yangi ramzi bo‘ladi — Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

“Toshkent” bog‘i xalqlarimiz do‘stligining navbatdagi yangi ramzi bo‘ladi — Shavkat Mirziyoyev

 

 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani alohida taʼkidlandi.

 

 

Davlat rahbarlari keyingi yillardagi o‘zaro savdo surʼatini mamnuniyat bilan qayd etib, tovar ayirboshlash hajmini yana-da ko‘paytirish uchun mavjud barcha resurs va imkoniyatlarni ishga solishga kelishib oldilar.

 

 

Savdo uylarini tashkil etish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishni nazarda tutgan holda o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulotlarning nomenklaturasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish – bu boradagi yo‘nalishlardan biridir.

 

Qayd etilishicha, turli tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan avtomobillar yig‘ish, kimyoviy mahsulotlar, elektr texnikasi va maishiy texnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, paxta tolasi va meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, logistika infratuzilmasini yaratish ham ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.

 

 

O‘zbekiston Prezidenti tegishli “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashni taklif qildi.

 

Tomonlar transport sohasida va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar. Ashxobod bitimini birgalikda ilgari surish hamda Turkmanboshi dengiz portining noyob imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi.

 

 

Bu boradagi o‘zaro muvofiqlashtirilgan qo‘shma saʼy-harakatlar yuk tashishlar hajmini oshirish hamda tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratadi.

 

Ikki mamlakat hududlaridagi imkoniyatlarni yana-da to‘liq ishga solish muhim ekani qayd etildi. Hamkorlikning yangi mexanizmi – Hududlararo forum o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.

 

Suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik yuksak baholandi. Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani olqishlandi. Tuyamo‘yin suv omborining Sulton Sanjar to‘g‘onini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

 

 

Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va o‘zaro anglashuvni kuchaytirishning muhim omili bo‘lgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

 

Madaniyat va kino kunlari, teatrlar va musiqiy jamoalarning ijodiy safarlari, olimlarning uchrashuvlarini va shu kabi boshqa tadbirlarni tashkil etish xalqlarimiz yana-da yaqin bo‘lishiga xizmat qiladi.

 

Shu maʼnoda, Toshkent xalqaro kinofestifalini “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan qayta tiklash tashabbusi Turkmaniston tomonidan qo‘llab-quvvatlangani taʼkidlandi.

 

 

O‘zbekiston Prezidenti bugun mamlakatimizda turkman millatiga mansub 200 ming nafardan ziyod fuqaro istiqomat qilayotgani. Ular O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini tashkil etuvchi boshqa barcha millat va elatlar bilan birgalikda bir oila farzandlaridek ahil-inoq hayot kechirmoqda.

 

- Ular o‘z tili, madaniyati, anʼana va urf-odatlarini rivojlantirishlari uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratamiz. Ishonchim komil, hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich tashabbusi bilan Ashxobodda barpo etilayotgan “Toshkent” bog‘i xalqlarimiz do‘stligining navbatdagi yangi ramzi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Muzokaralarda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyot garovi ekani taʼkidlandi.

 

- Afg‘on xalqiga zarur insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni davom ettirishga, ushbu mamlakatda muhim ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda turkmanistonlik sheriklar bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.

 

Prezidentlar xalqaro maydonda, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorligi tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin muloqotni davom ettirish va tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga kelishib oldilar.

 

- Bugungi uchrashuv natijalari strategik sherikligimizni yangi, yana-da salmoqli amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi, ishonch, o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga imkon beradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Muzokaralar yakunida Prezidentlar Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hamraislariga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga topshiriq berdilar.

 

Avvalroq Turkmaniston Prezidenti Toshkentga kelgani, Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning tor doiradagi muzokaralari boshlangani hamda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 23 ta hujjat imzolangani haqida xabar berilgandi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика