Toshkent shahrining turli tumanlarida hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan 59 ta obyekt qurilishi butunlay to‘xtatildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi. Aniqlanishicha, mazkur obyektlarning hech biri qurilish uchun zarur bo‘lgan ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan.
Noqonuniy qurilishlar quyidagi tumanlarda aniqlangan: Yangihayot tumanida 17 ta, Mirobodda 8 ta, Mirzo Ulug‘bekda 7 ta, Olmazor va Chilonzor tumanlarida har birida 5 tadan, Yunusobodda 4 ta, Yashnobod, Sergeli va Bektemirda 3 tadan, Uchtepa va Yakkasaroyda esa 2 tadan obyekt mavjud. Barcha qurilishlar elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan va maydonlarda monitoring ishlari davom ettirilmoqda.
Rasmiylar har bir qonunbuzarlik bo‘yicha huquqiy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, fuqarolarga mol-mulk xarid qilishda barcha hujjatlarning asl nusxalarini (kadastr, ekspertiza xulosasi, kengash qarori, texnik ko‘rik dalolatnomasi) talab qilish, hujjatlarni sinchiklab o‘rganish va pulni norasmiy yo‘l bilan bermaslik tavsiya qilindi.
Avvalroq bir nechta fuqarolar hujjatsiz uylarga pul to‘lab, aldanganini bildirgan edi. Shuning uchun poytaxt hokimligi noqonuniy qurilishlarga qarshi kurashni kuchaytirgan va bu kabi holatlarning oldini olish uchun jamoatchilikdan hushyorlikni oshirishni so‘ramoqda.


