24 avgust kuni Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning soliqlar va “keshbek” ilovalaridan foydalanish to‘g‘risidagi o‘zboshimchalik ila qilgan chiqishi keskin munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, savdo bilan shug‘ullanganlik uchun soliq to‘lash, kassa apparati ishlatish va “keshbek” ilovalarini joriy etish haqidagi imom-xatibning chiqishiga haqli eʼtirozlar bildirildi.
Taʼkidlanishicha, I.Begmatovning mazkur qarashlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmaydi, balki uning o‘zboshimchalik ila aytgan shaxsiy fikridir. Fatvo markazi tomonidan ushbu faoliyat turi batafsil o‘rganilib, «Keshbek» kabi ilovalar orqali kelib tushadigan mablag‘, mukofot yoki bonus joizligi haqida avvallari ikki marta fatvo berilgan. Bunda g‘arar (aldov) va ribo aralashmasligi shart qilingan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yo‘naltirilgan hujjatlarda imom-domlalar amaldagi qonunchilik talablariga rioya etishlari, mehnat majburiyatlariga amal qilishlari hamda munozaraga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmasliklari qatʼiy belgilab qo‘yilgan.
“Afsuski, Isoqjon Begmatov mazkur chiqishida meʼyoriy hujjatlar talablarini buzib, ushbu yo‘nalishdagi buyruqlar, ichki tartib qoidalar hamda mehnat majburiyatlariga amal qilmagani maʼlum bo‘ldi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi shu yil 25 avgust kuni Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatov xatti-harakatini ko‘rib chiqadi”, – deyiladi xabarda.