Ommani chalg‘itish borgan sari odatiy holga aylanib qoldi. Ijtimoiy tarmoqlar kuzatuvchilari “to‘polon” qilsagina mutasaddi rahbar chiqib, “o‘rganilyapti, rasmiy maʼlumot beramiz...” qabilidagi gaplarni vaʼda qiladida, “g‘oyib bo‘ladi”.
7-dekabr kuni Toshkent shahar hokimligi “Qo‘yliq” bozori yo‘l o‘tkazgichi kengaytirilishi tufayli boshqa joyga ko‘chirilishini maʼlum qildi.
10-dekabr kuni esa “Qo‘yliq” bozori hozirgi joyidan 6,5 km uzoqlikdagi O‘rta chirchiq tumanidagi “Food City” savdo markaziga ko‘chirilishi haqidagi xabar tarqaldi.
Kun o‘tib savdogarlar yuqori ijara narxi va mahsulotlarni saqlash uchun yetarlicha joy mavjud emasligi, shuningdek, avtobus va metro yo‘nalishlarining yetishmasligi sababli bozorga yetib olishda qiyinchiliklar yuzaga kelishidan shikoyat qilib, bozor oldidagi yo‘lni to‘sishga urindi. Ular maʼmuriyat tomonidan 31-dekabrga qadar “Food City”ga ko‘chish bo‘yicha ogohlantirish xati olgan edi.
12-dekabr kuni norozilik bildirgan tadbirkorlarning besh nafariga 5−7 kun qamoq jazosi tayinlandi.
14-dekabr kuni esa dehqon bozori direktorining xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari buzilish yoki ko‘chish haqida xat yoki og‘zaki topshiriq berilmagani, shu bois, bozor buzilmasligini maʼlum qildi.
"Yangi most bu hozircha loyiha. Ushbu mostni qurilishiga 2025-yil yoki boshqa maʼlum bir vaqt belgilanmagan. Qurilgan taqdirda ham most bilan bozor orasida katta joy bor, aylanma yo‘l qilib, pastga tushirganda ham bozorga xalaqit qilmaydi. Bozorning yangi bozorga ko‘chirilishi bo‘yicha hali bizga shahar hokimiyati tomonidan yoki bozorlar markazi tomonidan ham hech qanaqa xabar berilmagan. Va bizga bu bo‘yicha ogohlantirish xatlari ham yuborilmagan..." — deya fikr bildirgan Qodirjon Normirzayev rasmiy munosabatda.
14-dekabr kuni Bektemir tuman hokimi Tapil Mahamadziyayev “Qo‘yliq” bozori ko‘chirilishi masalasiga to‘xtalib o‘tdi:
“Food City” Bektemir tumani hududida joylashgan, shu tumanga qaraydi — bu bir. Ikkinchidan, u yerda shundoq sharoitlar yaratilganki, bunaqasi, kerak bo‘lsa, o‘zimizning Ecobozor‘da ham yo‘q. Qo‘yliqda asfaltga o‘tirib sotgandan ko‘ra o‘sha yerda olib borib sotgan maʼqul.
Kadastri borlarga, albatta, hamma ziyoni davlat tomonidan qoplab beriladi, yuz foiz. Bosqichma-bosqich o‘tiladi.
“Narx-navolar o‘sib ketmaydimi?” degan savolga quyidagicha javob beraman: Food City‘da katta, 6x4 metrli to‘rtta monitor bor, bitta aylantirishi 100 million so‘m. U bozorga qo‘shimcha daromad olib keladi.
Biz “foydangni shundan olasan, pattachidan emas, sotuvchiga tegmaysan”, deb, 3 oy sotuvchilardan patent puli olmaslik sharti bilan kelishdik.
Hokim sifatida emas, bir fuqaro sifatida aytaman: oxirgi paytlar bozorga tushsak, doim bir narsaga turtilib, bir joyga yiqilib, tan jarohati olishimiz aniq-da. O‘zim ham o‘sha joydan bozor qilaman, majburman shunga. Lekin uni bosqichma-bosqich ko‘chirmasak bo‘lmaydi.
Nihoyat, Kun.uz nashri bugun, 18-dekabr kuni o‘z sahifasida mavzu doirasidagi senator Tolibjon Madumarovning fikrlarini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, Qo‘yliq bozori ko‘chirilishi bo‘yicha shov-shuvlar o‘sha yerdagi ishchi va bozorchilarning asossiz tashviqotidan boshqa narsa emas.
"Biz Qo‘yliq masalasida joyiga chiqib o‘rganish qildik. Shu o‘rganishda ko‘rdikki, bozor ko‘chishi bo‘yicha Toshkent shahar hokimining hech qanday qarori chiqmagan... Bozor maʼmuriyati bu masalani tuman hokimligi va mutasaddilar bilan oxiriga yetib, keyin bizga yetkazishlarini aytdi. Lekin xalqqa bir narsani ochiq aytamizki, bozor ko‘chishi bo‘yicha hali hech qanday gap yo‘q. Vahimaga tushmanglar" — deydi senator Tolibjon Madumarov.
Bu haqda 17-dekabr kuni AOKA majlislar zalida Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘z bordi.
Avvalroq shunday aytdim-qaytdimlar Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ham kuzatilgandi.
Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosini qurish loyihasiga 34,4 mlrd so‘m (Markaziy bankning 8 noyabrdagi kursi bo‘yicha 3,2 mln AQSH dollaridan ortiq) mablag‘ jalb etilgani maʼlum qilingandan so‘ng, bu jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Asosan salbiy fikrlar bildirildi va bu ijtimoiy soha vakillari tomonidan davlat byudjetini sovurish, deb baholandi. Shundan so‘ng, 12-dekabr kuni Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Zoyir Mirzayev qurilish loyihasi to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi.
11-dekabr kuni Zoyir Mirzayev tomonidan imzolangan farmoyishga ko‘ra, loyihaga ajratilgan mablag‘lar viloyat mahalliy byudjetiga qaytarilishi kerak edi.
Biroq qisqa vaqt o‘tib Nurafshonda yodgorlik majmuasi va yangi zamonaviy kutubxona qurilishi to‘g‘risidagi farmoyish bekor qilinmagani, aksincha, kechiktirilgani maʼlum qilindi. Biroq, viloyatning yangi hokimi imzolagan farmoyishda sobiq hokimning qarorini bekor qilish haqida so‘z borgandi.
34,4 mlrd so‘mlik loyihaning bekor qilinganini jamoatchilik faollari qatorida Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham ijobiy deb baholagandi.
Savol tug‘iladi:
Bu harakatlar nega kerak, ommani chalg‘itish uchunmi yoki ovutish?
Qurilishdan kim, qanday foyda olyaptiki, farmoyish bilan tasdiqlangan qaror bir kunda to‘nini teskari kiyib olyapti?
Qanday izohlash mumkin, buni bilmadik-ku, lekin bu ochiqchasiga xalqning ustidan kulish. Salla desa kallasini olib boradigan baʼzi rahbarlar kursisi siljishidan qo‘rqib, xalqni sarson qilishdan boshqa narsaga yaramaydi. Fuqarolar esa, sarson-sargardon davlat nolib yuraveradi, aslida esa muammo “ko‘prik”da!


