Oq uy Donald Tramp ma’muriyatining tug‘ma fuqarolikni bekor qilishga oid farmonini kuchda qoldirish uchun AQSh Oliy sudiga murojaat qildi. CNN xabariga ko‘ra, 2025-yil 26-sentabr kuni yuborilgan murojaat shu masalada oliy sudga bir yil ichida ikkinchi marta qayrilish hisoblanadi.
2025-yil 20-yanvarda imzolangan farmonga ko‘ra, AQSh hududida noqonuniy migrantlar yoki vaqtinchalik chet ellik fuqarolardan tug‘ilgan bolalarga avtomatik ravishda fuqarolik huquqi berilishi taqiqlanadi. Ma’muriyat bunday amaliyotni 14-tuzatishning “noto‘g‘ri talqini” deb hisoblab, uni mamlakat uchun “salbiy oqibatlarga olib keluvchi” omil sifatida baholamoqda.
Quyi sudlar hozirga qadar mazkur siyosatni bir necha bor to‘xtatib qo‘ygan. Iyul oyida San-Fransisko apellyatsiya sudi federal sudyaning AQSh bo‘ylab Tramp farmonini bloklash haqidagi qarorini tasdiqlagan edi. Shu oyda Nyu-Xempshir sudyasi ham ACLU da’vosini qondirib, farmonning yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tatbiq etilishiga to‘sqinlik qildi.
Oq uy ushbu siyosat oxir-oqibat Oliy sud tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilmoqda. Biroq masalani ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan to‘rt sudyaning ovozi ta’minlanishi noma’lumligicha qolmoqda.
Himoyachilar farmonni konstitutsiyaga zid deb hisoblamoqda. ACLU vakili Kodi Vofsi uni “noqonuniy” deya atagan. Mazkur masalada 1898-yilda Oliy sudning Vong Kim Ark ishi bo‘yicha chiqargan qarori pretsedent bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘shanda sud AQShda tug‘ilgan xitoylik muhojirlarning farzandlariga fuqarolik huquqini tan olgan edi.


