Hindistonning Tamil Nadu shtatidagi Karur shahrida aktyor va siyosatchi Jozef Vijay ishtirokida oʻtkazilishi rejalashtirilgan saylovoldi mitingida yuzaga kelgan tiqilinch fojiali oqibatlarga olib keldi. “India Today” nashrining xabariga koʻra, hodisa natijasida 40 nafar fuqaro, jumladan 10 nafar bola halok boʻlgan.
Maʼlum qilinishicha, Jozef Vijayning tadbirga kelishi kechikishi sababli sahnaga intilgan katta olomon orasida tartibsizlik yuzaga kelgan. Dastlab 10 ming kishi qatnashishi kutilgan mitingga 27 mingdan ortiq odam yigʻilgan. Issiq havoda uzoq vaqt ovqat va ichimliksiz qolgan ishtirokchilar orasida vahima tarqalib, tiqilinch yuzaga kelgan.
Mahalliy rasmiylar hodisa boʻyicha surishtiruv boshlanganini maʼlum qilgan.


