AQSh prezidenti Donald Tramp yana siyosiy maydon markazida. Politico nashrining ishonchli manbalariga tayanib tarqatgan xabariga ko‘ra, Tramp bir necha jahon yetakchilari bilan rasmiy kanal orqali emas, balki shaxsiy telefonlar orqali muloqot qilgan. Ushbu harakat xalqaro diplomatiya qoidalari va AQSh xavfsizlik protokollariga zid hisoblanadi.
Xabarlarga ko‘ra, Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi va bosh vaziri Muhammad bin Salmon hamda Buyuk Britaniyaning amaldagi bosh vaziri Key Starmer bilan bevosita aloqaga chiqqan. Ushbu suhbatlar ayrim hollarda siyosiy yoki iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, ba’zida shaxsiy mavzularni ham qamrab olgan.
Ekspertlarning fikricha, bu kabi norasmiy aloqa kanallari xorijiy davlatlar tomonidan Tramp ustidan razvedka qilish uchun imkon yaratishi mumkin. AQSh hukumati odatda yuqori darajadagi diplomatik muloqotlar uchun maxsus, himoyalangan aloqa tizimlaridan foydalanadi. Tramp esa bu tartibga rioya qilmayotgani xavfsizlik bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Donald Tramp 2025-yil yanvarida prezidentlik lavozimini qayta egallaganidan beri bir nechta bahsli qarorlar va siyosiy harakatlar bilan jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida turibdi. Unga nisbatan ilgari boshlangan tergovlar va siyosiy tekshiruvlar hanuz davom etmoqda. Shu fonda, uning diplomatik protokolga amal qilmasligi yangi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.


