Turkiyaning shimoli-g‘arbida joylashgan to‘rtinchi yirik shahri — Bursa jiddiy o‘rmon yong‘inlari qurshovida qoldi. 27-iyulga o‘tar kechasi tog‘larda boshlangan yong‘in tezlik bilan tarqalib, shahar osmoni qizg‘ish rangga kirgan. Shahar meri Mustafa Bozbeyga ko‘ra, yong‘in 3 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan, bir o‘t o‘chirish xodimi yurak xurujidan vafot etgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1 765 nafar fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Yong‘inlarga qarshi kurashda 1 900 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va 500 nafar qutqaruvchi jalb etilgan. Bursa shahrini Anqara bilan bog‘lovchi asosiy avtomobil yo‘li xavfsizlik nuqtai nazaridan vaqtincha yopilgan.
Turkiya o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli butun mamlakat bo‘ylab 84 ta yirik yong‘in o‘chirilayotganini aytib o‘tdi. Ayniqsa, Karabuk viloyatida 22-iyuldan beri davom etayotgan yong‘inlar holatni yanada og‘irlashtirmoqda. Yong‘inlar avj olishiga kuchli issiq havo, qurg‘oqchilik va shamollar sabab bo‘lmoqda.
Meteorologik kuzatuvlarga ko‘ra, 26-iyul kuni janubi-sharqiy Shirnak viloyatida harorat 50,5 darajaga yetib, Turkiya tarixidagi eng yuqori issiqlik rekordi qayd etilgan. Iyul oyida mamlakat bo‘ylab 132 ta hududda rekord darajadagi harorat kuzatilgan. Adliya vazirligining bildirishicha, yong‘inlar yuzasidan 97 kishi ustidan huquqiy choralar ko‘rilmoqda.


