2025-yil iyul holatiga ko‘ra, Qozog‘iston milliy valyutasi — tenge keskin qadrsizlanmoqda. Hozirda 1 AQSh dollari 545 tengedan oshib ketdi, bu esa so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.
Mutaxassislarning fikricha, bu holatga bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda. Jumladan, hukumat iqtisodiyotga ajratayotgan budjet mablag‘lari sezilarli darajada oshgani, bu esa o‘z navbatida biznes korxonalar tomonidan xorijdan asbob-uskuna va texnika xaridining ko‘payishiga olib kelgani aytilmoqda.
Qozog‘iston Markaziy banki rahbari Timur Suleymanovning ta’kidlashicha, tenge kursiga nafaqat tashqi fundamental omillar (neft narxi, asosiy savdo sheriklarining valyutalari), balki ichki spekulyativ talab ham bosim o‘tkazmoqda. Unga ko‘ra, aholi, biznes va davlat tomonidan dollar valyutasiga bo‘lgan talab ortib bormoqda.
Mutaxassislar valyuta bozorida barqarorlikni saqlash uchun moliyaviy siyosatni qayta ko‘rib chiqish, davlat xarajatlarini yanada muvozanatlashtirish zarurligini ta’kidlashmoqda. Tenge qadrsizlanishi mamlakatda inflyatsiya xavfini kuchaytirishi mumkin.


