Oq uyning sobiq rahbari o‘z tarafdorlari oldida nutq so‘zlay turib Baydenni Ukrainada yuzaga kelgan vaziyatda aybladi.
“Ukrainada hozir urush bo‘lmasligi kerak edi. Bayden, NATO va G‘arb bunchalik jirkanch yo‘l bilan uning boshlanishiga yo‘l qo‘ygani insoniyat uchun dahshat”, — degan Tramp.
Donald Tramp amaldagi prezident Jo Baydenning deyarli har bir qarorini va qadamini tanqid qilishi yangilik emas. AQSH harbiylari Afg‘onistondn olib chiqishlganda Tramp Baydenning isteʼfosini talab qilgan edi.
“Baydenning isteʼfosi unchalik katta voqea bo‘lmaydi. Chunki u, birinchidan, noqonuniy saylangan, qolaversa, Afg‘onistondagi voqealar shu darajaga yetishiga yo‘l qo‘ygan”, — degan edi o‘shanda Tramp.
Bayden esa o‘zining Trampdan ko‘ra muvaffaqiyatliroq ekanini taʼkidlaydi.
Ammo Amerikaning Emerson College mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning obro‘si amaldagi prezident Jo Baydendan baland ekanini ko‘rsatmoqda.
Yakuniy natijaga ko‘ra, so‘ralganlarning 48%i Trampni, 44%i Baydenni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Bir necha kuni oldi Amerikaning mashhur siyosatchilaridan tarkib topgan "Amerika demokrat sotsialistlari" guruhi Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha o‘z xulosasini eʼlon qildi. Unda AQSH va uning hamkorlari joriy qilgan sanksiyalar "urush qarshisidagi balans" deb baholab Baydenni tanqid qilgandi.


