O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu shaharda 12 yoshli fuqaro onasi va o‘gay otasi bilan munosabatdagi qiyinchiliklar sabab uyidan qochib, mahalliy politsiyaga murojaat qilgan.
Maʼlum bo‘lishicha, uning onasi O‘zbekistondagi turmush o‘rtog‘idan ajrashib, Istanbulga kelgach, imom nikoh asosida turk fuqarosiga turmushga chiqqan. Avvaliga farzandini buvisiga vasiylikka qoldirgan bo‘lsa-da, 2024 yil iyun oyida uni Turkiyaga olib kelgan. Biroq qonuniy hujjatlari bo‘lmagani sababli farzandini maktabga joylashtira olmagan. Shu sababli A.A. bir yildan ortiq vaqt davomida maktabga bormagan.
Politsiya tomonidan aniqlangach, bola Bosh konsulxonaga olib kelingan. Bola homiylar ko‘magida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, muolajalar olgan.
Ayni paytda fuqaro O‘zbekistonga qaytarilib, tegishli mutasaddi tashkilotlar yordami bilan o‘qishini davom ettirmoqda.


