Turkiyaning sharqiy viloyatlari boy tarixiy merosga ega bo‘lib, bu hududlarda ming yillik masjidlar, qabristonlar, qal’alar va tabiat go‘shalari saqlanib qolgan. Hukumat mazkur hududlarda turizm sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ahlat shahri Vан ko‘li bo‘yida joylashgan bo‘lib, nafaqat tarixiy qiyofasi, balki eco-turizm imkoniyatlari bilan ham sayyohlarni o‘ziga tortmoqda.

Ahlat yaqinidagi 11-asrga mansub “Saljuqiylar qabristoni” Turkiyadagi eng yirik turk-islom yodgorliklaridan biri sanaladi. 2 100 kvadrat metr maydonda joylashgan majmua ichida 8 mingdan ortiq tosh lavhalar va maqbara yodgorliklari turli naqsh va yozuvlar bilan saqlanib qolgan. Qabriston yonida tashkil etilgan muzeyda Ahlatning 13-asrda Buxoro va Balx qatori ilm va madaniyat markazi bo‘lgani haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.

Keyingi tarixiy manzil — Bitlis shahri. Tog‘lar orasida joylashgan bu qadimiy shahar o‘zining 12-asrga mansub masjidi va eramizdan avvalgi 3-asrda qurilgan ulkan qal’asi bilan ajralib turadi. Qal’a devorlari 2800 metr perimetrga ega bo‘lib, 2024-yilda o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlarda 100 metrli qadimiy suv quvurlari ham topilgan.

Siirt viloyati esa diniy va ilmiy merosga boy hudud sifatida tanilgan. Bu yerda mashhur olimlar Ismoil Haqqiy va Ibrohim Haqqiy maqbaralari ziyoratgoh maqomida bo‘lib, “Siirt Ulu Jome” masjidi esa 12-asr turk-islom me’morchiligining nodir namunalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, 2 ming yillik tarixga ega “Botan vodiysi” ham sayyohlar e’tiborini tortayotgan diqqatga sazovor maskanlardan biridir.


