Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Furqat tumanida “Yoshlar kichik sanoat zonasi” hududidan MChJga ijaraga berilgan 22 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda sotishga urinish holati aniqlandi. MChJ rahbari va uning sherigi hududdagi “Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” mutaxassisi bilan birgalikda 67 ming AQSh dollari talab qilgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida faoliyat yuritgan yuristkonsult ham qo‘lga olindi. U viloyat ma’muriy sudida ko‘rib chiqilayotgan ishni tanishlari orqali tadbirkor foydasiga hal qilib berish evaziga 15 ming AQSh dollari olganida ushlangan.
Surxondaryo viloyatida esa Shurchi tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimi mahalliy tadbirkorning qarzdorligini yopib berish bahonasida 8 mln so‘m talab qilgani ma’lum bo‘ldi. U hamda unga sheriklik qilgan shaxs tezkor tadbir chog‘ida qo‘lga olinib, noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Ushbu uch holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi va ayblanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


