O‘zbekchilikda yo‘lda topib olingan narsa uch marta “kimniki” deb baqirib aytilgandan so‘ng, "agar egasi chiqmasa topgan odamniki bo‘ladi" degan tushuncha bor. Buni “topgan topoloqniki” deb taʼriflasa ham bo‘ladi, biroq qonunda bunday tartib taʼqiqlanadi.
Amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliyevning taʼkidlashicha, topib olingan narsani egasiga qaytargan maʼqul.
"Agar yo‘lda ketayotib, 1 mln. so‘mlik telefon yoki shuncha miqdorda pul topib olsangiz, darrov uni yaqin atrofdagi Ichki ishlar bo‘limiga, yoki Ichki ishlar profilaktika inspektoriga olib borib topshiring. U har qanaqasiga ham sizniki bo‘lolmaydi". – deydi mutaxassis.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 62-moddasiga asosan topib olingan yoki tasodifan qo‘liga tushib qolgan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan ortiq bo‘lgan o‘zganing mol-mulkini yashirish — bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yaʼni BHMni 270 ming so‘m deb aytsak, uning uch barobari 810 ming so‘m bo‘ladi. Demak, topib olingan narsa qiymati belgilangan miqdordan ko‘p bo‘lsa, uni o‘zida saqlamagan maʼqul. Chunki topilmani uzoq muddat o‘z yonida saqlab yurish “birovning mulkini yashirish” deb baholanadi va jarima solinishiga olib keladi.
“O‘sha telefonni yoki 1 mln. so‘mlik pulni olib, indamasdan cho‘ntakka solib ketaversangiz va bu holat atrofdagi kameraga tushib qolgan bo‘lsa, tamom. Topib olingan telefon yoki pulni ham qaytarasiz, unga qo‘shib davlatga MJtK 62-moddasi bo‘yicha qo‘shimcha jarima ham to‘laysiz”, - deydi Saidali Muxtoraliyev.
Eslatma. Birovning mulki birovga yuqmaydi. Hujjatda belgilangan summadan ko‘p bo‘ladimi, kam bo‘ladimi, farqi yoq, egasiga qaytarilishi kerak. Bu bir tarafdan adolatga, ikkinchi tarafdan insoniylikka to‘g‘ri keladi.
Avvalroq hokim maktab direktorini ishdan bo‘shatishi mumkinmasligi bo‘yicha mutaxassis javob bergani hamda agar shifokor bemor talabini asossiz rad etsa maʼmuriy javobgarlikka tortilishi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


