O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturovni qabul qildi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya amaliy hamkorligini yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiya dasturlarini amalga oshirish va yangi mahalliylashtirish loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlari kooperatsiyasi uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Mashinasozlik, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu munosabat bilan shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan sanoat ko‘rgazmasi doirasidagi ishbilarmonlik tadbirlarining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
25-27 aprel kunlari Toshkentda «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Forumda Manturov o‘tgan yil davomida Rossiya Federatsiyasi bilan YEOII, BRIKS va SHHT mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 34 foizdan 38 foizgacha o‘sganini va bu ittifoqlar birgalikda jahon iqtisodiyotining yarmini taʼminlayotganini aytdi. U Rossiya O‘zbekiston bilan farmatsevtika, avtomobilsozlik, o‘g‘itlar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mashinasozligi sohalarida hamkorlik istiqbollarini ko‘rishini hamda O‘zbekistonning Pokiston, Afg‘oniston va boshqa davlatlar kabi sheriklariga birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yetkazib berishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.


