Bayden bilan uchrashuv paytida Zyelenskiyning o'zini tutishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ukraina yetakchisi muloqot chog‘ida o‘zini boshqacha tutgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Xususan, video Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning telegram-kanalida eʼlon qilingan.
Maʼlumot o‘rnida, 31 avgust kuni Ukraina prezidentining AQSHga rasmiy tashrifi boshlandi. Shu kuni prezident AQSH mudofa va energetika vazirligida uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Mudofaa vazirligida Ukraina va AQSH o‘rtasida “Mudofaa hamkoriligi strategik asoslari to‘g‘risida” shartnoma imzolandi. Ekspertlar bu kelushuv orqali Kiyev va Vashington o‘rtasida harbiy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini taʼkidlashmoqda.
1 sentyabr kuni Zelenskiy AQSH prezidenti Jozef Bayden bilan uchrashdi. Aslida bu 31 avgust kuni bo‘lishi kerak edi, ammo AQSHning Afg‘onistondagi evakuatsiyani yakunlashi ham shu kunga to‘g‘ri kelgani uchun uchrashuv 1 sentyabrga qoldirilgan.
Zelenskiyning fikricha, Ukrainaning iqtisodiy transformatsiya va tiklanishida AQSH muhim rol o‘ynaydi. Bayden ham ikki tomonlama munosabatlar strategik xarakterga ega ekanligini qayd etdi.
Uchrashuvdagi markaziy mavzulardan biri Rossiya bilan munosabatlar bo‘ldi. AQSH prezidenti “Biz Rossiya agressiyasi qarshisida Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetiga to‘liq sodiq qolamiz. Ukrainaning yevroatlantik intilishlarini ham qo‘llab-quvatlaymiz”, -deb aytib o‘tgan. Shuningdek, Bayden Ukrainaga qo‘shimcha 60 million dollarlik yangi harbiy yordam dasturini maʼqullaganligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida Rossiyaning Qrimni qo‘shib olishi va Donbassdagi qurolli nizo 14 mingdan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘lganligi maʼlum qilindi. Zelenskiy Baydendan 450 dan ortiq ukrainalik asirlarni ozod qilinishida yordam so‘ragan.
Shuningdek, energetika masallari ham muhokama qilindi. Ikki davlat ham Rossiyaning “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri qurilishiga qarshi ekanini maʼlum qildi. Ukraina va AQSH bu loyihada Yevropaning energetik mustaqilligiga tahdidni ko‘rmoqda.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Zelenskiy tashrifini “o‘ta muvaffaqqiyatli”, - deb baholadi.
Jahongir Qo‘ziyev


