Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Donald Tramp Zelenskiyni Oq uyda tantanali kutib oldi. Bu safar Ukraina prezidenti avvalgi uchrashuvdagi xatolarini takrorlamaslikka harakat qildi: Trampni bir necha bor minnatdorlik bilan tilga oldi va diplomatik ohangni saqlashga intildi. Suhbat davomida Tramp Ukraina mojarosini hal qilishda asosiy maqsad uzoq muddatli tinchlik ekanini aytdi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Matbuot uchun ochiq qismda Zelenskiy Trampga rafiqasi Olenaning Melaniya Trampga yo‘llagan maktubini topshirdi. Keyinchalik ikki rahbar Rossiya tomonidan bosib olingan hududlar aks etgan katta xarita ustida muhokama olib bordi. Oq uy rasmiysi Trampning Putin bilan 40 daqiqa telefon orqali gaplashganini tasdiqladi.
Yevropa yetakchilari ham ishtirok etgan kengaytirilgan uchrashuvda Zelenskiy Putin bilan ehtimoliy uch tomonlama muzokaralarga tayyorligini ma’lum qildi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa bunday uchrashuv faqat o‘t ochishni to‘xtatish sharti bilan o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidladi. Germaniya kansleri Fridrix Merzning so‘zlariga ko‘ra, Putin ikki hafta ichida Zelenskiy bilan uchrashishga rozilik bildirgan.
Uchrashuvning eng muhim natijasi sifatida Ukraina xavfsizligi uchun yangi kafolatlar bo‘yicha kelishuv yo‘lga qo‘yildi. Zelenskiy Yevropa mablag‘lari hisobidan 90 milliard dollarlik Amerika qurollarini sotib olish va dron ishlab chiqarish loyihasini muhokama qilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Rossiyaga hududiy imtiyozlar berish variantini qat’iyan rad etdi.
Tramp esa Ukraina masalasi bo‘yicha “katta bitim” tuzish niyatini bildirib, Putin bilan Zelenskiy o‘rtasida tarixiy uchrashuv tashkil etishga urinayotganini aytdi. Shu tariqa, Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar Ukraina urushini tugatish yo‘lida muhim bosqich sifatida qayd etildi.


