Rossiya armiyasi yana kengaytiriladi: Putin yangi farmonni imzoladi
Qurolli Kuchlarning shtatdagi umumiy soni 2,44 million kishidan oshirildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Qurolli Kuchlarining shtatdagi shaxsiy tarkibini 15,5 ming kishiga oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, Rossiya Qurolli Kuchlarining umumiy shtatdagi soni 2 441 630 kishi, jumladan, 1 550 500 nafar harbiy xizmatchi etib belgilandi.
Avvalgi ko‘rsatkich 2 426 130 kishini, shundan harbiy xizmatchilar 1 535 000 nafarni tashkil etgan. Shu tariqa, harbiy xizmatchilar soni 15 500 nafarga oshirilgan.
Hujjatga muvofiq, Rossiya hukumati Mudofaa vazirligiga yangi shtat sonini taʼminlash uchun federal byudjetdan zarur mablag‘larni ajratishi kerak.
Farmon imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Rossiya Qurolli Kuchlarining shtatdagi soni 2026-yil davomida bir necha bor oshirilgan. Iyun oyida ham harbiylar soni qariyb 7,3 ming nafarga ko‘paytirilgan.
Shuningdek, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev iyul oyida 2026-yilning dastlabki olti oyida qariyb 200 ming kishi Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganini maʼlum qilgan. Uning aytishicha, yana 16 ming rossiyalik jangovar hududlarga ko‘ngilli sifatida qo‘shilgan.
Shu bilan birga, Vladimir Putin sentyabr oyida mamlakatda yangi safarbarlikka hozircha ehtiyoj yo‘qligini bildirgan. U safarbarlik haqidagi xabarlarni «axborot hujumi» deb atagan va bunday chorani talab qiladigan vaziyat mavjud emasligini taʼkidlagan.








