Jamiyat

Jurnalistni kim himoya qiladi?

Sarlavha o‘quvchini hayratlantirgan bo‘lsa, ajablanmaymiz. Chunki jurnalist deganda  o‘zgalar himoyasiga otlangan, qalami o‘tkir,  jamiyatdagi adolatsizlik, haqsizlikka qarshi kurashuvchi olov qalbli kasb egalari darhol ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Muammolariga yechim topa olmay idorama-idora yurgan odamlar oxirgi umidni jurnalistlarda ko‘rishadi va bu soha vakillariga murojaat qilishadi.  Jurnalistlarning aralashuvi tufayli muammolarga yechim topilayotgani ham sir emas.

Jurnalistni kim himoya qiladi?

Ammo  jurnalistning o‘zi himoyaga muhtoj bo‘lsa-chi? Bu savolni bejizga bermadik. Chunki keyingi paytlarda jurnalistlarga bosim o‘tkazilayotgani, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani, hatto qing‘ir yo‘llar bilan jurnalistlarning shaxsiy hayotiga daxl qilinayotgani ham bor gap.

Fikrlarimizni dalillar bilan isbotlasak.

! Koronavirus pandemiyasi boshlanib, yurtimizda karantin joriy etilgan bir paytda farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimova (Sharifa Murod ) Feysbukdagi sahifasida bozor hududida o‘z telefonida tasvirga olayotgan paytida   tuman hokimligi vakili uning telefonini  qo‘lidan tortib olib qo‘yadi. Jurnalist bu haqda  tushuntirish berishini talab qilganida,  unga nisbatan qo‘pollik qilinadi. Jurnalistning telefonidagi audioyozuvlar o‘chirib tashlanadi.

! Ushbu voqeadan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay “Human.uz” sayti rahbari Xurshid Daliyev xuddi shunday bosimga duch keldi.

aytilishicha, joriy yilning 27 aprel kuni Xurshid Daliyev tadbirkorning intensiv bog‘i atrofiga o‘rnatilgan to‘siq sud qarorisiz, mutasaddilar buyrug‘i bilan buzilayotgani haqidagi murojaatni o‘rganish uchun Toshkent tumaniga borgan. U o‘sha yerda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bosim, faoliyatiga taʼsir o‘tkazish uchun sunʼiy to‘siq qo‘yish kabi holatlarga duch keladi.

!  O‘tkir, dolzarb mavzularni ko‘tarib chiqqani bilan tanilgan jurnalist Anora Sodiqova ish joyi – O‘zbekiston milliy axborot agentligidan ishdan ketishga majbur qilingani haqida o‘zining Feysbukdagi sahifasida yozib qoldirdi. Keyinchalik u yana ishga qayta tiklandi.

!  13 may kuni  EFFECT.UZ sayti xodimi G‘iyosbek Eshov Farg‘ona viloyatining Quva tumanida jiddiy hujumga uchragan. Holat Quva tumani hokimligida fuqaroning murojaati o‘rganilgandan so‘ng sodir bo‘lgan. Nomaʼlum kimsalar operatorning ko‘zlariga gaz sepib, mashinasining oynalarini sindirishgan. Ustiga-ustak, ular tahririyat mulki bo‘lgan operatorning videokamerasini olib qochib ketishgan.

!  Farg‘ona viloyati televideniyesi jurnalisti Usmonjon Qodirov 28 may kuni 15 sutkaga qamaldi, keyin uning jazo muddati ikki sutkaga o‘zgartirildi. Hamkasbining fikricha, uning aybi tibbiyot birlashmasi hamshiralari “Yodgorlik” majmuasini tozalayotgani va bu holni majburiy mehnat deb   yozgani bo‘lgan.

!  Jurnalist Mavjuda Mirzayeva va uning tasvirchisi Sardoba voqealarini yoritish uchun tasvirga olayotgan paytda huquq - tartibot organi xodimlari ularning faoliyatiga to‘sqinlik qiladi va tasvirchining videokamerasini tortib oladi. Bu ham yetmagandek, kameradagi  tasvirlar o‘chirib tashlanadi.

! “Kun.uz” sayti muxbiri Alisher Ro‘zioxunov avtomobilda harakatlanayotgan paytida YHX xodimlari uni to‘xtatib, “dubinka” bilan kaltaklaydi. Keyinroq  jurnalist ekanligi aniqlangach, u qo‘yib yuboriladi. (Qiziq, agar jurnalist bo‘lmaganida ham shunday yo‘l tutilarmidi?)

Afsuski, OAV xodimlariga tazyiq va bosim o‘tkazilgan bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Kezi kelganda o‘zgalar  manfaatini himoya qiladigan jurnalistlarni kim yoki qaysi tashkilot himoya qilishi kerak?

Bir qarashda bu savol biroz kulgili tuyilishi mumkin. Ammo chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, fikrlarimizda jon bor.

AOKAmi YOKI JURNALISTLAR UYUSHMASI?

OAV xodimlari faoliyati tegishli qonunlar bilan belgilab qo‘yilgan. “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 8- moddasida “Jurnalist jurnalistik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.

Tanqidiy materiallar eʼlon qilgani uchun jurnalistni taʼqib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi” deb belgilab qo‘yilgan. Ammo yuqorida keltirilgan misollar buning aksini ko‘rsatyapti.

Afsuslanarlisi, bu vaziyatda jurnalistlar faoliyat ko‘rsatayotgan hech bir OAV ularning haq-huquqlarini himoya qilib chiqmagan. Boshqacha aytganda, “har kim boshiga tushgan qorni o‘zi kurasin” qabilida ish tutilgan.

Vaholanki, OAV ishini muvofiqlashtiradigan AOKA va O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi borligini  jurnalistlar yaxshi bilishadi. Ammo bu tashkilotlar tomonidan bosimga uchragan jurnalistlar himoyasi uchun hech qanday chora ko‘rilmagan.

Viloyatlarda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining bo‘limlari mavjud. To‘g‘risini aytganda, baʼzi bo‘limlar nomigagina faoliyat yuritadi. Matbuot va OAV  xodimlari kunida  taklif etilgan bir nechta jurnalistga sovg‘a va bayram dasturxoni yozilishini aytmaganda, ular jurnalistlar himoyasi uchun deyarli biror ish qilishmaydi. Vaholanki, bu  uyushma jurnalistlar ishonadigan, kerak paytda suyana oladigan tashkilot bo‘lishi lozim. Ammo shu paytgacha O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining biror jurnalist yoki OAV xodimlarini himoya qilganini, ularning  haq-huquqlari uchun jon kuydirganini eslolmaymiz.

Jurnalist bosim yoki tazyiqqa uchrar ekan, tegishli tashkilotlar uni himoya qilishi, kerak bo‘lsa, ularga tazyiq o‘tkazayotganlarni sudga topshirishlari lozim. Ana shunda jurnalistning jamiyatdagi qadri yana bir qadar ko‘tariladi, u o‘zining fikrlarini dadil bayon eta oladi. Xo‘sh, bu vazifani kim yoki qaysi tashkilot bajarishi kerak- AOKAmi yoki O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasimi? Yoki yana bir tashkilotga muhtojmizmi?

QORNI TO‘QNING...

Istaymizmi-yo‘qmi, insonlarda moddiy manfaatdorlik birinchi o‘rinda turadi. Moddiy manfaatdorlik yuqori bo‘lgan joyda ish samaradorligi ham yuqori bo‘ladi, qolaversa, xodim oilasini qiyinchiliksiz taʼminlay oladi. Bu unsurlar bir-biri bilan shu qadar bog‘likki, moddiyat ishga, oilaga, kishining ruhiyatiga taʼsir qilishi  sir emas.

Bu borada  xususiy OAVlarda faoliyat ko‘rsatadigan jurnalistlarning omadi chopgan, deyishimiz mumkin. Xususiy nashrlar, TVlarda xodimlarga berilayotgan maosh yuqori va xodim ham shunga yarasha mehnat qiladi. Bu esa rivojlanishga, yangi-yangi loyihalar yaratishga turtki bo‘ladi.

Ammo afsuski, davlat  telekanallari, tuman va viloyat miqyosida chiqadigan vaqtli bosma matbuot nashrlari, tarmoq gazeta-jurnallarida xodimlarga  berilayotgan maosh kam ekanligi sir emas. Bu OAVlarda hatto qalam haqi ham past.

Xususan, maqolani tayyorlash jarayonida  baʼzi hamkasblarimizga qancha maosh olasiz va olayotgan maoshingiz bir oylik ehtiyojlaringizni qoplaydimi, degan savol bilan murojaat qildik. Ismi sir tutilishini istagan Ya. s. tarmoq jurnalida faoliyat yuritishi, maoshi va qalam haqini qo‘shib hisoblaganda, 1 mln 900 ming so‘m olishini aytdi. Yana bir hamkasbimiz O. J. maoshi va qalam haqi jami 1mln 500 ming so‘m ekanini aytdi.

Aksariyat hamkasblarimiz ana shuncha maosh uchun ertayu kech tinim bilmay mehnat qilishadi. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring – bu mablag‘ bir kishining o‘ziga, o‘rtacha to‘rt kishidan iborat oilasini moddiy taʼminlashga yetadimi? Ishga borib-kelish va tushlik uchun sarflanadigan xarajatlarni ayirsak, qancha mablag‘ qoladi? Bu oddiy arifmetika va bundan ko‘z yuma olmaymiz.

Baʼzida OAV xodimlari turli vajlar ko‘rsatib taʼmagirlik qilgani haqidagi xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Moddiy qiyinchilik bo‘lar ekan, bu omil o‘z-o‘zidan taʼmagirlikka yo‘l ochadi. Qachonki OAV xodimlarining maoshi yuqori bo‘lsagina u dadil so‘z ayta oladi,kamchiliklarni ro‘y-rost ko‘rsatadi, jamiyatda so‘z erkinligi taʼminlanishiga harakat qiladi.

Prezidentimiz o‘qituvchi va shifokorlar ming dollar miqdorida maosh olishi kerakligini aytganlarida, bu soha vakillari mehnatlari qadrlanayotganidan boshlari ko‘kka yetgan,  o‘z ishlariga yana-da ishtiyoq bilan yondasha boshlagan edilar. OAV xodimlarining mehnati ham ularnikidan kam emas. Haqiqiy maʼnoda to‘rtinchi hokimiyat maqomiga erishish uchun OAV xodimlarining maoshi ko‘tarilishi lozim. Jurnalist hech kimga moddiy qaram bo‘lmasligi kerak.

QACHON BIRLASHAMIZ?

Xorij OAVlarida jurnalistlar birdamligi degan atama tez-tez ishlatiladi.  Hatto jurnalistlar mustaqil kasaba uyushmalari ham tuzilgan. Bu kasaba uyushmalari nafaqat jurnalistlarning mehnat sharoitlari,balki so‘z erkinligi uchun ham kurashadi. Senzura oqibatlari – past maosh, yarim kechagacha, dam olish kunlarisiz davom etadigan betartib ish kuni ham jurnalistlarning mustaqil kasaba uyushmasi nazaridan chetda qolmaydi. Jurnalistlar mustaqil kasaba uyushmasi hamkasblarini himoya qiladi va jurnalistlarga bo‘lgan tazyiqlarga qarshi kurashadi.

Xo‘sh, biz ham shunday uyushmaga yoki muhtojmizmi? Qaysi OAVda faoliyat yuritishidan qatʼiy nazar, bosim va tazyiqqa uchrayotgan jurnalistlarni birgalashib himoya qila olamizmi?

Fikrimizcha, hali bizda jurnalistlar tarqoq. Ammo endi birlashish va o‘z huquqlarimizni birgalikda himoya qilish vaqti keldi. Jurnalist jamiyatning vijdoni bo‘lmog‘i uchun u himoyalangan bo‘lishi kerak.

                                                                                               Dilfuza ZARIPOVA

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"