Navoiyda eridan qochgan ayol o‘ldirilgani haqidagi xabarlar rad etildi
Yolg‘on ma’lumot tarqalishiga sababchi bo‘lgan bloger 20,6 mln so‘m jarimaga tortildi.

Navoiy viloyatida eridan qochgan ayol haqida tarqalgan yolg‘on ma’lumotlar rad etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayolga eri tomonidan suiqasd qilingan degan asossiz xabarlar paydo bo‘ldi. Biroq Navoiy viloyati IIB tomonidan olib borilgan tekshiruvlar natijasida ayol tirik ekani va voqea aslida boshqacha bo‘lgani aniqlandi.
Viloyat IIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Amirxon ismli bloger ayolning eridan qochgani haqidagi videoni tekshirmasdan Instagram sahifasiga joylagan va buning ortidan asossiz xabarlar tarqalgan.
Ayolning eri voqeani shunday tasvirlaydi: “18-mart kuni kechasi ayolim bilan ketayotgandik, oilaviy tortishuv bo‘ldi. Ayolim mashinadan tushib ketdi, men orqasidan yugurdim, uni urmadim va tan jarohati yetkazmadim. Shunchaki bloger bizni videoga oldi va ijtimoiy tarmoqqa joylab yubordi.”
Xotini ham voqeaning shu tarzda bo‘lganini tasdiqladi va ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan har qanday ma’lumotlarga ishonmaslik hamda birovning oilasiga yoki sha’niga putur yetkazuvchi xabarlarni tarqatmaslikni so‘radi.
Bloger esa o‘z profilidagi telefon raqamiga qilgan qo‘ng‘iroqlarga ishonib, ayol vafot etgani haqidagi xabarga ishonib qolganini tan oldi. U bundan buyon tekshirmasdan ma’lumot tarqatmasligini bildirdi va qilgan xatti-harakati uchun barchadan uzr so‘radi.
Sudning qaroriga ko‘ra, bloger Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202²-moddasi birinchi qismi bilan BHMning 50 baravari (20,6 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.
Er-xotinga esa jamoat tartibini buzganlik uchun BHMning 3 baravari (1 mln 226 ming so‘m) miqdorida jarima tayinlandi.








