Izmirda to‘rtinchi qavatdan tushib ketgan o‘zbekistonlik ayol shifoxonada vafot etdi
Marhumaning jasadi 23 mart kuni Istanbul–Andijon reysi bilan O‘zbekistonga olib kelinmoqda.

Turkiyaning Izmir shahrida 4-qavatdan qulagan 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Sevdora Hakimjonova shifoxonada vafot etdi. Bu haqda Istanbuldagi Bosh konsulxona xabar berdi.
Avvalroq Bosh konsulxona hodisa yuzasidan uning ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qilgandi.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan barcha zarur tibbiy muolajalarga qaramay, fuqaro vafot etgan.
Ma’lum qilinishicha, marhumaning jasadi 23 mart kuni Istanbul–Andijon reysi bilan O‘zbekistonga olib kelinmoqda.
Hakimjonova Turkiya fuqarosi bo‘lgan shaxs bilan imom nikohi orqali turmush qurgan, biroq ushbu nikoh rasmiy tarzda qayd etilmagan. Nikoh marosimi Namangan viloyati, Chust tumanida o‘tkazilgan. Keyinchalik juftlik Izmirga ko‘chib kelib, kuyovning qarindoshlari bilan bir uyda yashagan.
Shuningdek, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Hozircha Hakimjonovaning qulashiga nima sabab bo‘lganligi aniqlanmagan.








