“Tolibon”: u qanday harakat?
So‘nggi oylarda Afg‘oniston hukumati va “Tolibon”lar o‘rtasida to‘qnashuvlar avj olishi ortidan Afg‘oniston masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Hozirgi kunda Afg‘onistonning eng yirik harbiy-siyosiy kuchlaridan biri bo‘lgan “Tolibon” mamlakatning katta qismini o‘z nazoratiga ola boshladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “Tolibon”lar kimlar, harakat qachon vujudga kelgan va u qanday qilib Afg‘onistondagi eng yirik kuchlardan biriga aylangan? Quyida shu savollarga javob izlaymiz.

“Tolibon”ning vujudga kelishi
1979 yilda sobiq Ittifoqning Afg‘onistonga qo‘shin kiritishi mamlakatni parokanda holatga keltirdi. Afg‘onistonda chet el qo‘shinlariga qarshi kurash boshlandi. Mamlakatda vaziyat keskinlashishi ortidan ko‘plab afg‘onistonliklar vatanini tark eta boshladi. Ularing katta qismi Pokistonga yo‘l oldi. Natijada Pokiston sobiq Itifoqqa qarshilik ko‘rsatayotgan afg‘onlarning tayanch nuqtasiga aylandi. Bu yerda ko‘plab harbiy-o‘quv bazalari vujudga keldi.Ana shu qochqinlar va o‘quv bazalari asosida “Tolibon”ning bo‘lajak aʼzolari tarbiyalandi, deyish mumkin.
“Tolibon” — “tolib”, yaʼni madrasa o‘quvchisi so‘zining ko‘plikdagi shakli bo‘lib, harakatning dastlabki aʼzolarini aynan madrasa talabalari tashkil etgan. Ularning ko‘pchiligi qochqinlar lagerida voyaga yetgan yoshlardan iborat edi. Bundan tashqari harakat tarkibida Pokiston pushtunlari ham bo‘lib, ular ham madrasa talabalari hisoblanishgan.
“Tolibon” siyosiy harakat sifatida 90 yillar boshida shakllana boshladi. Harakatning ko‘plab aʼzolari Sovet Ittifoqi qo‘shinlariga qarshi urushda ishtirok etgan, tajribali jangchilar edi. “Tolibon” aʼzolarining mutlaq ko‘pchiligini kambag‘al qishloq aholisi tashkil etadi. Shu sababli harakatning qishloq joylarda mavqei ancha baland bo‘lgan.
Baʼzi siyosiy doiralarda “Tolibon”ga Pokiston razvedkasi tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tashkilot sifatida qaraladi. Rasmiy Kobul hozir ham Pokistonni harakatni qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi. Albatta, “Tolibon”ning shakllanishida Pokiston rolini inkor etib bo‘lmaydi. Birinchidan, harakat aʼzolarining mutlaq ko‘pchiligi Pokistonda voyaga yetgan. Ikkinchidan, ularga harbiy bilim va ko‘nikmalarni asosan Pokiston armiya va razvedkasi zobitlari berishgan. Keyinchalik aniqlanishicha, “Tolibon”ning ayrim harbiy qismlariga Pokistonning isteʼfodagi zobitlari boshchilik qilishgan. Shuningdek, “Tolibon” mafkurasiga Pokistonning ayrim ulamolari va diniy maktablarining taʼsiri katta bo‘lgan.
Ayrimlar “Tolibon”ga pushtunlarning millatchi tashkiloti sifatida qaraydi. Haqiqatdan ham uning tarkibida pushtunlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Harakat asosi va rahbariyati ham pushtunlardan iborat bo‘lgan. Lekin keyinchalik uning tarkibi boshqa millat va yollanma jangchilar hisobiga keskin o‘zgardi.
“Tolibon” hokimiyatining o‘rnatilishi
“Tolibon” harakati dastlab Afg‘onistonliklarning katta qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Hatto 1992-1996 yillarda Afg‘oniston Prezidenti bo‘lgan Burhoniddin Rabboniy ham “Tolibon” ga hayrixohlik bildirib, uni “afg‘on milliy harakati”, deb baholadi. Lekin keyingi voqealar rivoji buning aksini namoyon qildi.
1994 yilning oktyabrida ”Tolibon” dastlabki harbiy harakatlarini boshladi. Oradan bir oy o‘tib, “Tolibon”ning 1 yarim ming kishilik qo‘shini Afg‘onistonning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Qandahorni egalladi. Qandahor harakatning norasmiy poytaxtiga aylanadi.
1995 yilning bahorida esa Hirotni egallab, Eron bilan chegarani to‘la o‘z nazoratiga oldi. 1996 yilda Kobul ham egallandi va Afg‘onistondagi hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.
Harakat boshqaruvi
“Tolibon” hokimiyatni egallagach, mamlakatda shariat qoidalari asosida yashay boshladi. Harakat o‘zining yangiliklarga va ilm-fan yutuqlariga qarshiligi bilan ajralib turgan. Mamlakatda radio, televideniye, telefon va, hatto, shahmat ham taqiqlandi. “Tolibon” ayollarning huquqlarini cheklab qo‘ydi. Ayollarning taʼlim olishi man etildi, ular ko‘chaga faqat o‘z turmush o‘rtog‘i kuzatuvida chiqishi lozim edi, aks holda ayovsiz kaltaklanardi. Bundan tashqari “Tolibon” hukmronligi davrida Afg‘oniston xalqaro terrorizmning asosiy bazasiga aylandi, shuningdek mamlakatda giyohvand moddalar ishlab chiqarish bir necha barobar ko‘paydi. Bularning bari Afg‘onistonning xalqaro maydonda obro‘ini tushirib yubordi.
“Tolibon” naqadar qudratli bo‘lmasin, mamlakatdagi fuqarolar urushini to‘xtata olmadi. Afg‘oniston shimolida “Tolibon”ga qarshi sobiq dala qo‘mondonlarining birlashgan qo‘shinlari (“Shimoliy alyans” nomi bilan mashhur) qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Harakat Afg‘onistondagi shusiz ham og‘ir vaziyatni yana-da murakkablashtirdi. Mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot butunlay izdan chiqdi.
2001 yil 11 sentyabrdagi Nyu-Yorkdagi teraktlar “Tolibon”ga qarshi keng qamrovli harbiy amaliyot boshlanishiga olib keldi. Harakat dunyo hamjamiyatining xalqaro terrorchilarni mamlakatdan chiqarib yuborish va harbiy bazalarni tugatish talabini bajarmadi. Shundan keyin AQSH va NATO qo‘shinlari yordamida Shimoliy Alyans “Tolibon”ni mamlakatdan surib chiqardi hamda yangi hukumat tuzildi.
Shundan keyin 20 yil davomida harakat doimiy ravishda chet el qo‘shinlari va Afg‘oniston hukumatiga qarshi urush olib bordi. Bu davrda “Tolibon” maʼlum o‘zgarishlarga uchradi. Birinchidan, harakat radikal guruhdan qandaydir maʼnoda siyosiy partiyaga aylandi. Albatta bu tom maʼnodagi siyosiy partiya emas. Shunday bo‘lsa-da, uning o‘zgargani aniq edi. Buni Senat Raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham alohida qayd etgan.
Ikkinchidan, “Tolibon” avvalgidek qo‘shni mamlakatlar bilan dushmanlik munosabatlarini saqlashdan manfaatdor emas. Harakat so‘nggi uch yilda dunyo va mintaqaning barcha yirik kuchlari bilan muzokaralar o‘tkazdi va muloqotga tayyorligini maʼlum qildi.
Shuningdek, baʼzi mutaxassislar, jumladan, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov “Tolibon” ISHIDningAfg‘onistonda keng yoyilmasligida muhim o‘rin tutadi, deb hisoblaydi.
“Tolibon” hozir ham Afg‘onistondagi eng yirik kuchlardan biri sanaladi. Buni eʼtiborga olmaslik mumkin emas. Shu bois mamlakatdagi siyosiy muloqot jarayonlariga “Tolibon”ni ham jalb etish Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishining muhim shartidir.







